2023-yil yakunlari bo‘yicha 110ta kompaniya o‘z majburiyatlarini bajarmagani uchun “IT Park” rezidenti maqomidan mahrum bo‘ldi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati ma’lum qildi.
Belgilangan majburiyatlar va talablarning bajarilishi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, mazkur kompaniyalar auditorlik xulosasini topshirmagani aniqlandi.
Rezident maqomidan mahrum qilingan kompaniyalarning 49tasi Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan.
Shu bilan birga, ro‘yxatda Qoraqalpog‘iston va Farg‘onaning har biridan 11tadan, Surxondaryo — 7, Buxoro — 6, Samarqand — 5, Qashqadaryo — 4, Navoiy — 4, Jizzax — 4, Sirdaryo — 3, Namangan — 3, Xorazm — 2, Toshkent viloyatida — 1ta hamda Andijondan 1ta kompaniya mavjud.
Mazkur kompaniyalar “IT Park” oldidagi majburiyatlarini bajarishmadi, shu sabab, ularning barcha soliq imtiyozlari va preferensiyalari bekor qilinib, rezident maqomidan mahrum etildi hamda ular ro‘yxati Soliq qo‘mitasiga yuborildi.
“IT Park” rezidentlarining majburiyatlariga quyidagilar kiradi:
- faqat ro‘yxatga muvofiq faoliyat turlariga asoslangan biznes-rejada ko‘rsatilgan faoliyat turlarini amalga oshirish;
- har chorakda texnoparkka o‘z faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berish;
- har yili moliya-xo‘jalik faoliyati auditini o‘tkazish va auditorlik xulosasining bir nusxasini “IT Park"ka yuborish;
- rezidentning faoliyati shartlari to‘g‘risidagi shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish.
“IT Park” rezidentlarining yagona reyestriga ko‘ra, ayni paytda bu maqomga ega 2171ta kompaniya mavjud.
IT-kompaniyalar uchun “Zero Risk” dasturi yo‘lga qo‘yilga n. Dastur mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda IT va BPO autsorsingi sohasida eksport faoliyatini rag‘batlantiradi.
Bundan tashqari, ІT-xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalarni xalqaro ІT-bozorga olib chiqish, eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Local to Global” loyihasi amalga oshiriladi.
May oyi oxirida “IT Park” rezidentlari uchun minimal eksport talablari belgilangandi. Joriy yilning 1-oktabridan eksport yirik rezidentlar umumiy daromadining kamida 10%ini tashkil etishi zarur. Bu miqdor bosqichma-bosqich oshirib boriladi.