Poytaxt xonadonlaridan birida tashkil etilgan onlayn qimorxona aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahar IIBB hamda boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bilan Yakkasaroy tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Olingan tezkor ma’lumot asosida tumanda joylashgan xonadonlarning biri xolislar bilan ko‘zdan kechirilganda chet el fuqarolari boshchiligidagi uy ijaraga olingani, unda tavakkalchilikka asoslangan onlayn qimor o‘yinlari o‘tkazilib kelingani ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davomida 37 dona noutbuk va WiFi routerlari, $1400 miqdoridagi pul, 14ta SIM-karta, 7ta telefon, 12ta bank plastik kartasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Uch oy davomida qimorxonada $900 ming miqdoridagi mablag‘lar aylantirilgani aniqlandi. Gumonlanuvchi sifatida esa 12 nafar xorijlik va 18 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zgatilib, ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat kodeksining 278-moddasi bilan qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, shu jumladan ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash uchun 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.

Agar bu harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi.

2025-yildan qimor, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga ruxsat beriladi. Besh yilgacha yuridik shaxslardan 4%lik aylanma solig‘i olinadi, fuqarolarning yutuqlari esa jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi. Cheklovlar mamlakatdan $1 mlrdgacha bo‘lgan valyutaning chiqib ketishiga, qimor o‘yinlariga va firibgarlikka olib kelgan.