Toshkent shahrining oltita tumanida uy-joylarni renovatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. 1-avgust kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov tegishli qarorni imzoladi.
Hujjat bilan, poytaxtda umumiy maydoni 171,4 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi. Jarayon 2023-yilda tashkil etilgan “Toshkent invest” kompaniyasiga topshirildi.
Tumanlar bo‘yicha renovatsiya uchun ajratilgan maydonlar:
- Mirzo Ulug‘bek tumani — 26,71 gektar;
- Sergeli tumani — 35,15 ga;
- Shayxontohur tumani — 36,82 gektar;
- Chilonzor tumani — 5,02 gektar;
- Yashnobod tumani — 54,67 gektar;
- Yakkasaroy tumani — 13,03 gektar.
Mazkur hududlarda madaniy meros obyektlari ro‘yxati, buziladigan yoki ta’mirlanadigan turar va noturarjoylar xatlovdan o‘tkaziladi. Renovatsiya loyihasini amalga oshirish uchun investorlarni tanlab olish uchun tanlov o‘tkaziladi.
“Adolat” va “O‘zLiDep” siyosiy partiyalari poytaxt hokimligi qarorini tanqid qilib, renovatsiya uchun huquqiy asos yo‘qligini ta’kidladi. Parlament a’zolari renovatsiya uchun mavjud turar-joy binolarini buzish zarurligini, shu sabab, fuqarolar huquqlarini himoya qilish uchun jamoatchilik muhokamasi zarurligini ta’kidladilar.
“Biz uzoq bo‘lmagan tariximizdagi „snos“ degan salbiy hodisa misolida bunga [quruvchi tomonidan fuqarolar huquqlarining buzilishi] ko‘p bora guvoh bo‘ldik. Qolaversa, Toshkent shahrining Bosh rejasi tasdiqlanmay turib ham bunday [renovatsiya] loyihalarni amalga oshirish maqsadga muvofiq emas”, — deyiladi “Adolat” matbuot xizmati xabarida.
Har ikkala partiya ham hokimlikdan Toshkent shahridagi uy-joylarni renovatsiya qilish loyihalarini tegishli qonun qabul qilinmaguncha to‘xtatib turishga chaqirdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Ekologik partiyasi renovatsiya hududlarida ko‘p yillik daraxt va butalar mavjudligini, ularni hisobga olish kerakligini qayd etib, Bosh prokuratura va Ekologiya vazirligini bu boradagi ishlarni nazoratga olishga chaqirdi.
Toshkent hokimligi matbuot xizmatining “Spot"ga aniqlik kiritishicha, parlament tanqidiga qaramay, renovatsiya loyihasi bo‘yicha qarorlarga hech qanday o‘zgartirish kiritilmagan.
Renovatsiya
Fevral oyi oxirida hokim Shavkat Umurzoqov Toshkent shahrida 500 gektar hudud rekonstruksiya qilinayotgani, bu yerda uzoq muddatga mo‘ljallangan ikki qavatli uylar va Sergelida vaqtinchalik uylar joylashganini ma’lum qilgandi.
Aprel oyida prezidentning ipoteka kreditlash to‘g‘risidagi qarori bilan Adliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralarga xorijiy tajribani o‘rganib, hukumatga renovatsiya to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini iyulgacha kiritish topshirildi.
Shayxontohur tumani, Olim Xo‘jayev mahallasida boshlangan renovatsiya loyihasi misolida har bir hududda bittadan renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bunda hududlarda renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan massivlar tanlanib, manzilli dastur tasdiqlanadi.
Iyul oyida “Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgandi.
Avvalroq Yunusobodda joylashgan kichik sanoat zonasi renovatsiya qilinishi haqida xabar berilgandi.