Kattaqo‘rg‘on tumanida 3,4 mlrd so‘mlik tabiiy gazni o‘g‘irlagan yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan “Hududgazta'minot” Samarqand viloyati hududiy filiali xodimlari hamkorligida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Tekshiruvda “O.A.” MCHJ rahbari U.O. tumandagi “Enam yaxshi” qishlog‘idagi noturar binoda ohak ishlab chiqaruvchi yashirin sex tashkil etib, tijorat maqsadida yuqori bosimli gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olganligi anqilandi.
Natijada 2 mln 200 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 3,4 mlrd so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Andijonda ikkita metan zapravka 9 mlrd so‘mdan ortiq tabiiy gazni talon-toroj qilgani haqida yozgandi.
Ikkita AGTKShda ham gaz hisoblagichning kamera qismidagi ichki detallari standart talablariga javob bermasligi aniqlandi.