O‘zbekistonlik yuk tashuvchi va avtobus haydovchilari Slovakiyaga ishga jalb qilinadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov Slovakiya avtomobilda tashuvchilar uyushmasi (Česmad) prezidenti Pavol Piyeshtyanskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda mehnat bozoridagi salohiyatli ishchi kuchini ish bilan ta’minlash, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish, Slovakiyada avtomobilda tashuvlar sohasiga mamlakat mehnat migrantlarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Migratsiyasi agentligi va uyushma o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Slovakiyada o‘tkaziladigan avtomobil transporti bo‘yicha xalqaro tadbirlarda mamlakat delegatsiyasi ishtirokini ishlab chiqishga kelishdi.
Qayd etilishicha, hozirda Slovakiya ichki mehnat bozorida 14 mingga yaqin professional haydovchilarga (yuk tashuvchi va avtobus) ehtiyoj mavjud.
Mamlakatda bir qator davlatlar fuqarolariga professional haydovchilik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun Slovakiya milliy vizasini berishni nazarda tutuvchi hukumat qarori qabul qilingan. Slovak tomoni O‘zbekistondan bu toifadagi ishchi kuchini jalb qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Slovakiya avtomobilda tashuvchilar uyushmasi 1992-yilda tashkil etilgan. Uyushma 200dan ortiq milliy va xalqaro avtomobilda yuk tashuvchi transport operatorlari va logistika kompaniyalarini birlashtiradi.
Avvalroq “E9 Pay” o‘zbekistonliklar uchun Koreyada pul o‘tkazmalari xizmatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Qiyin vaziyatdagi fuqarolarga tarjimonlik hamda pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda bepul va arzonlashtirilgan xizmatlar taqdim etiladi.