Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Soliq kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonunchilik taklifi ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur taklif Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan bildirilgan hamda Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi o‘z xulosasini ishlab chiqqan.
Qayd etilishicha, taklif aholidan kelayotgan murojaatlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, fuqarolarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ta’lim olish huquqlarini ta’minlashga qaratilgan.
Loyiha bilan talabalarning kontraktlarini to‘laydigan aka-ukalar, opa-singillarga ham soliq imtiyozini berish taklif etilmoqda.
Davlat budjetining daromadlar qismining kamayishi hisobga olinib, Vazirlar Mahkamasiga qonun loyihasini o‘rganib chiqish hamda ma’qul deb topilgan taqdirda qonun loyihasini tayyorlash va Qonunchilik palatasiga kiritish belgilangan.
2023-yilning avgustidan yoshidan qat’i nazar farzandlarining ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritildi.
Dekabr oyida Ombudsman to‘lov qobiliyatiga ega bo‘lmagan ota-ona o‘rniga ta’lim xarajatlarini qoplayotgan farzandlarga ham soliq imtiyozi qo‘llanilishini taklif qildi.