Fuqaroning 92 mln so‘m pullarini o‘zlashtirgan firibgar treyderning qilmishlariga chek qo‘yildi. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Namangan viloyatida yashovchi ayol Sh.G. ariza bilan murojaat qilib, o‘zining bank kartasidagi pullari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi. Natijada, mazkur jinoyatni Namangan viloyatida yashovchi, muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan sudlangan R.N. sodir etganligi aniqlandi.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan R.N., jabrlanuvchi ayol Sh.G. bilan dastlab “Instagram"da so‘ng “Telegram"da yozishgan. Unga o‘zini treyderlik faoliyati bilan shug‘ullanishini aytib, pullarini birja orqali oz fursatlarda ko‘paytirib berishini va’da qilgan.
Buning natijasida gumonlanuvchi shaxs aldov yo‘li bilan 92 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘tkazib olishga erishib, bergan va’dasini bajarmasdan pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan R.N.ga nisbatan Jinoyat kodejsining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Kiberxavfsizlik markazi fuqarolardan bu kabii holatlar kuzatilganida 102 yoki 1102 ishonch raqamlariga murojaat qilishlarini so‘ramoqda.
Avvalroq “Telegram"da soxta “PUBG” akkauntini sotgan shaxs qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi. Mazkur shaxs fuqaroning 1,47 mln so‘m pullarini o‘tkazib, kelishilgan akkauntni bermasdan, yozishmalarni o‘chirib tashlab, fuqaroni qora ro‘yxatga kiritgan.