“Google” raqobatchilarni siqib chiqarish uchun o‘z mavqeidan suiiste’mol qildi. Bu haqda “The Wall Street Journal” sud qaroriga asoslanib yozdi.
“Google monopolist va u o‘z monopoliyasini saqlab qolish uchun shunga mos ravishda harakat qiladi”, deb yozadi gazeta sudyaga iqtibos keltirib.
Sudya, xususan, “Google” standart qidiruv tizimi bo‘lish uchun smartfon ishlab chiqaruvchilarga “milliardlab dollar” to‘laydi, degan hukumatning dalillariga qo‘shildi.
Masalan, 2021-yilda kompaniya qidiruv tizimini smartfon va brauzerlarda standart xizmatga aylantirish uchun $26 mlrd to‘lagan.
Endi sud “Google” qanday choralar ko‘rishi kerakligini aniqlashi kerak, deya aniqlik kiritdi “Financial Times”.
Da’vogar bo‘lgan AQSh Adliya vazirligi hozircha qanday sanksiyalar qo‘llashni rejalashtirayotganini aytmadi.
Ehtimol, departament “Google"ni shartnomalar tuzishni cheklab qo‘yadi. Kompaniya qaror ustidan shikoyat qilishni rejalashtirayotganini aytdi.
2023-yil yanvar oyida AQSh Adliya vazirligi “Google” kompaniyasini onlayn reklama bozorida hukmronlik qilishda ayblab, yana bir sudga murojaat qildi.
“Financial Times"ning qayd etishicha, bu sud jarayoni 2024-yil sentabrida boshlanishi kerak.
Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi “Google” va “Samsung” o‘rtasidagi kelishuvni tekshirayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, monopoliyaga qarshi idoralar S24 smartfonlarida sun’iy intellektni o‘rnatish bo‘yicha kelishuvning Yevropa mintaqasidagi raqobatga ta’sirini o‘rganmoqda.