26-iyul kuni avtomobilsozlik va elektrotexnika sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda “ADM Jizzakh” zavodi bosh direktori Doniyor Davletiyarov elektromobillar importi uchun bojlarni qaytarishni taklif qildi.
Proteksionistik choralarsiz elektromobillarni ishlab chiqarish maqsadga muvofiq emas, chunki import qiluvchilar butlovchi qismlarga boj to‘lamaydi, deya qayd etdi u.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda sof elektromobil ishlab chiqarish maqsadga muvofiq emas, chunki hech qanday bojlar yo‘q. Ishlab chiqarish qimmat bo‘ladi, ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va import qilish uchun biz hamma narsani 100% mahalliylashtira olmaymiz — import bojlarini to‘lashimiz kerak”, — dedi Davletiyarov.
2026-yildan “ADM Jizzakh” gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Yaqin uch yilda avtomobil zavodi yangi loyihalarga $550 mln investitsiya kiritadi va ishchilar sonini ikki barobarga — 4,5 mingdan 10 ming nafargacha oshiradi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov 1-avgust kuni eksportchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yordam beradigan bojxona to‘lovlarini qaytarish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Shuningdek, u xorijiy mamlakatlarning elektromobillar importiga hisoblanadigan foiz stavkalari haqida to‘xtaldi.
Import o‘rnini bosishning nimasi yomon?
Iqtisodchi Otabek Bakirov Davron Vahobov o‘z nutqida aytib o‘tgan Yevropa, AQSh, Braziliya va Turkiya bozorlarida avtomobil ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida raqobat yuqori ekanini ta’kidladi. Biroq O‘zbekistonda raqobat koeffitsiyenti rivojlangan davlatlarnikidan ancha past.
“Elektromobillarga boj joriy etish misolida keltirilgan AQSh, Yevropa Ittifoqi, Turkiya va Braziliyaning O‘zbekistondan yana bir katta farqi bor. Bu mamlakatlarda biron bir avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya yashirin va maxfiy qaror bilan import bojlardan (QQS) ozod qilinmaydi”, — deya qayd etdi u.
2020-yilning noyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining sobiq deputatlari Rasul Kusherboyev va Doniyor G‘aniyevlar “UzAuto Motors” va Jizzax avtomobil zavodining avtomobillar importi va qayta ishlash to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlari haqidagi ma’lumotlar sir bo‘lib qolgani haqida xabar bergandi.
Bakirovning ta’kidlashicha, rivojlangan mamlakatlarda Savdo-sanoat palatasi rahbari aytib o‘tgan tarif bojlari haqiqatdan tubdan farq qiladi. Shuningdek, u AQSh va Yevropada tariflarni joriy etish takliflari qattiq tanqidga uchraganini qo‘shimcha qilib, O‘zbekiston boy davlatlarning xatolarini takrorlayotgani achinarli ekanini aytdi.
O‘z navbatida, iqtisodchi Yuliy Yusupov butlovchi qismlar uchun bojlarni bekor qilish taklifini qo‘llab-quvvatladi. U nima uchun elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniya tashkil etilganidan so‘ng uning raqobatbardosh emasligi va raqobatni cheklash zarurligi aniqlanganiga savol bilan yuzlandi.
“Bu bizning mamlakatimizda eng muhim sarmoyaviy qarorlar hali ham xususiy investorlar tomonidan emas, balki sovet davridagidek rasmiylar tomonidan qabul qilinganligi sababli sodir bo‘ldi. Negadir ular O‘zbekistonda elektromobillar va boshqa ko‘plab tovarlar ishlab chiqarish kerak, degan qarorga kelishdi. Aynan ular potensial investorlarga katta va’dalar berishgan va hatto, katta ehtimol bilan ularga soliq to‘lovchilar, qarz oluvchilar, iste’molchilar bir qator imtiyozlar (soliq, bojxona, kredit va hokazo) taqdim etganlar”, — deb yozadi Yusupov.
Iqtisodchining ta’kidlashicha, amaldorlar raqobatni cheklash va turli imtiyozlar berish orqali import o‘rnini bosuvchi mahalliy ishlab chiqarishlarni tashkil etishni nazarda tutuvchi 1996-yilda boshlangan import o‘rnini bosish siyosati mantig‘idan voz kecha olishmaydi. Bu siyosat O‘zbekistonga xalqaro mehnat taqsimotida to‘liq ishtirok etish va raqobatbardosh ishlab chiqarishlarni yaratish imkonini bermayapti. Muqobil variant sifatida u eksportga yo‘naltirilgan modelni taklif qilmoqda, bunda mamlakat faqat o‘zi qiyosiy ustunlikka ega bo‘lgan va eksportni rag‘batlantiradigan narsalarni ishlab chiqaradi.
Import o‘rnini bosuvchi modeldan voz kechilmasa, samarasiz korxonalar raqobatbardosh ishlab chiqarish uchun yetarli bo‘lmagan cheklangan resurslardan foydalanadi, deya qo‘shimcha qildi Yuliy Yusupov.
“Bundan tashqari, ular raqobatbardosh tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash va mansabdor shaxslarimizning korrupsiya bo‘g‘inlarini to‘ldirish uchun zarur bo‘lgan soliqlar va biznes yuritishdagi boshqa to‘siqlar bilan ezib tashlashadi”, — deya xulosa qildi u.
Fan doktori, Viskonsin universiteti (AQSh) ilmiy xodimi Behzod Hoshimovning aytishicha, Asakadagi “GM Uzbekistan” zavodi O‘zbekiston iqtisodiyoti va ayniqsa, sanoati uchun katta to‘siq va o‘lponga bo‘lgan.
Uning fikricha, Asaka avtomobil zavodi “samarasizlik va Karimov davridagi noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat ramzi” bo‘lib, uning proteksionistik chora-tadbirlari o‘nlab yillar davomida oddiy o‘zbeklar tomonidan yashirib kelinmoqda.
“Shuning uchun hukumatga tavsiyam quyidagicha: xohlagan ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashsin. Faqat, bojlar orqali emas — to‘g‘ridan to‘g‘ri budjetdan pul berib, shunda shikast karrasiga kamroq bo‘ladi. Albatta, xalq pulidan ayrim ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlamaslik eng ideal nфкқф bo‘lardi, lekin buniтп iloji bo‘lmasa, qo‘llab-quvvatlamasak bo‘lmaydi, deb o‘ylashsa — unda to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ berish iqtisodiyotimizga ancha arzonga tushardi”, — dedi Hoshimov.
Bundan tashqari, bloger Shuhratbek Qurbonov import o‘rnini bosish taklifi importdan himoya qilish taklifi bilan birga kelsa, buning samaradorligi past bo‘lishini ta’kidladi. Misol tariqasida u 10 yil avval chiqarilishi 30%ga qimmatlashgan plastik kartalarni keltiradi. Natijada, xaridorlar “mahalliy” mahsulot uchun sezilarli darajada ortiqcha to‘lashlari kerak bo‘lar edi.
Qurbonov 30%lik ustamani “xorijiy valyutani tejash”, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va soliq tushumlari hisobidan qoplash masalasini ko‘tardi. U tegishli hisob-kitoblar amalga oshirilmasligini, hisobotlarda esa “mahalliylashtirish” va “import o‘rnini bosish” kabi so‘zlarni qatnashishini tahmin qildi.
Avvalroq O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash uskunalari uchun alohida hisob yuritish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.