Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidaga tayyorgarlik jarayonida 5-avgust holatiga ko‘ra, tadbirkorlardan 10 189ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Murojaatlar uzluksiz ishlovchi “Call-markaz"ning 1094 va 1100 qisqa raqamlari hamda taklif2024.uz elektron platformasi orqali qabul qilinmoqda.

Ularning eng asosiy qismi tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida bo‘lib, shu paytgacha jami 3 395ta murojaat qabul qilingan.

Shu bilan birga, tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha 1 759ta, soliq tizimini takomillashtirish — 1 664ta, ishlab chiqarish maydonlari bilan ta’minlash — 1 006ta hamda infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha 812ta tadbirkorlar muammolari qabul qilingan.

Qolaversa, 669ta murojaat tadbirkorlikni tartibga solishni soddalashtirish, 476tasi tashqi iqtisodiy faoliyat va investitsiyalar, 230tasi tadbirkorlar mahsulotlariga bozor topish hamda 178tasi transport-logistika bilan bog‘liq.

Ushbu murojaatlarning bugungi kun holatiga 7 986tasi hal etilgan, qolganlari bo‘yicha ijro jarayonlari davom etmoqda. 414tasi esa vazirlik va idoralar tomonidan ijrosi ta’minlanmasdan qolmoqda. Ulardan eng ko‘p qismini Qashqadaryo viloyati hokimligi (19ta) hamda Toshkent shahar hokimligi (10ta) tashkil etadi.

Taqqoslash uchun, 1-avgust holatiga ko‘ra, 9124ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 7069tasi o‘z yechimini topgan, 526tasi hal etilmagan.

Avvalroq tadbirkorlar o‘rtasida narxlar bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi. Uning asosida tovar va xizmatlar bozorida iste’mol tovarlarining tannarxini kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.