Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni ichki yo‘llarni saqlash va ta’mirlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatda mavjud jami 184 582 kilometr avtomobil yo‘lidan qariyb 142 ming kilometri ichki xo‘jalik yo‘llari hisoblanadi. So‘nggi to‘rt yilda ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlashga 15 trln so‘m ajratilgan.
Mahallalarda, chekka qishloqlarda ko‘chalarni saqlashga mas’ul tizim yo‘q. Chunki Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi davlat va xalqaro ahamiyatdagi yo‘l va ko‘priklar bilan shug‘ullanadi. Ichki yo‘l va ko‘priklar esa mahalliy hokimliklar balansida.
Hozirgi kunda 43 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirtalab holatda, 2 354ta ko‘prikning “egasi” aniq emas. Shu bois tuman darajasida bu masalalarga mas’ul tizim yaratish rejalashtirilmoqda.
208ta tuman va shahar Obodonlashtirish boshqarmalarida ichki yo‘llarni saqlash xizmatlari tashkil qilish taklif qilinmoqda. Ular eng zarur 4 turdagi maxsus texnika bilan ta’minlanadi. Buning uchun budjetdan tegishli mablag‘ ajratish ko‘zda tutilayapti.
Tahlillarga ko‘ra, yo‘llarni saqlashga yo‘naltirilgan mablag‘ ta’mirlash xarajatini bir necha barobar qisqartiradi. Agar o‘z vaqtida pul ajratilib, ichki yo‘llar to‘g‘ri ekspluatatsiya qilinsa, ularni ta’mirlash muddatlari ham kamida 2 barobar uzayadi.
Shu bois mutasaddilarga ichki yo‘llarni saqlash va ta’mirlashni moliyalashtirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Aholi talabidan kelib chiqib, ichki yo‘llarni ta’mirlash va yangilarini qurish ishlarini davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
“Yil oxirigacha yo‘llarga qarovchi har bir tumanda mutaxassislarni tayyorlash kerakligi belgilandi, har bir mahalla kesimida yo‘llarni qaytadan invertarizatsiya qilish bo‘yicha dasturni ishlab chiqish topshirildi”, — dedi Hisob palatasi raisi Adiz Boboyev.
Uning qayd etishicha, yil oxirigacha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilib, prezidentga taqdimot qilinadi.
2023-yilning sentabrida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident shaharlarda yo‘llarni saqlash, qishki qarov va ko‘kalamzorlashtirish vazifalarini o‘z vaqtida amalga oshirish uchun shahar obodonlashtirish boshqarmalarini maxsus texnikalar bilan jihozlash lozimligini ta’kidlagandi.