Majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosini tartibga solish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan 1-sentabrgacha Soliq qo‘mitasi alkogol, tamaki va pivo mahsulotlari, maishiy texnika va dori vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning “Asl belgisi” tizimidan ro‘yxatdan o‘tganligi hamda raqamli markirovkalash talablariga rioya etishini nazoratga oladi.
Raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar o‘z faoliyatini to‘xtatmoqchi bo‘lsa, soliq inspeksiyasini bir oy oldin xabardor qilishi kerak. Uch ish kunida yig‘imlarning to‘liq to‘langanligi hamda mahsulotlarning ombordagi qoldiqlari xatlovdan o‘tkaziladi.
Qo‘mitaga 2026-yilning 1-avgustigacha qalbaki markirovkalangan va kontrafakt mahsulotlarni import qiluvchi, ishlab chiqaruvchi hamda ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchilarga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortish normalarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini hukumatga kiritish topshirildi.
Bir oy ichida markirovka kodlarini chop etuvchi hamda tegishli uskunalarni yetkazib beruvchi korxonalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar qo‘mita sayti va “Soliq” mobil ilovasida joylashtirilishi kerak.
1-noyabrgacha markirovkalanadigan mahsulotlarning ulgurji savdosini faqat naqd pulsiz shaklda sotish talabini belgilashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi 1-dekabrgacha xalqaro ekspertlar bilan “Savdo to‘g‘risida"gi qonun loyihasini hukumatga kiritishi zarur. Hujjat ulgurji va chakana savdoni tartibga solishni hamda markirovkalash qoidalarini belgilaydi.
Noyabrgacha “CRPT Turon” tomonidan zaxira server, telekommunikatsiya va boshqa asbob-uskunalar Soliq qo‘mitasiga joylashtiriladi. “Asl belgisi” ma’lumotlariga asosan savdo faoliyatida markirovkalanadigan tovarlar ishlab chiqarilgandan (import qilingandan, xarid qilingandan) keyin 6 oy ichida realizatsiya qilinmagan deb ko‘rsatilgan holatlar to‘g‘riligi qat’iy nazoratga olinadi.
Avvalroq markirovkalash uchun zarur bo‘ladigan uskunalar bojxona bojidan ozod etilishi belgilangandi. 1-sentabrdan markirovkasiz mahsulotlarni sotish holatlari soliq organlari bazasi ma’lumotlari asosida aniqlanganda tadbirkorlarga nisbatan choralar ko‘riladi.