“Mars” kompaniyasi “Pringles” chip ishlab chiqaruvchisini sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” va “Financial Times” manbalariga tayanib xabar berdi.

“Mars” 2023-yilda o‘zining nomini o‘zgartirgan va Shimoliy Amerikadagi quruq nonushta biznesini alohida “WK Kellogg” kompaniyasiga aylantirgan sobiq “Kellogg‘s Kellanova"ni sotib olmoqchi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu kelishuv iste’molchilar so‘nggi bir necha yil ichida oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib kelgan inflyatsiya tufayli xarajatlarni qisqartirganliklari bilan bog‘liq.

“Reuters” agentligining ta’kidlashicha, kompaniyalar vazn yo‘qotadigan dorilarga qiziqish ortib borayotgani sababli birlashish haqida ham o‘ylamoqda.

Agar xarid amalga oshsa, bu so‘nggi yillarda oziq-ovqat segmentidagi eng yirik xarid bo‘ladi.

Ikkala kompaniya ham mumkin bo‘lgan kelishuv haqida izoh bermadi. Nashr uning miqdorini aytmadi, biroq “Kellanova"ning kapitallashuvi $21,56 mlrdni tashkil qiladi.

“Kellanova” gazaklar, o‘simlikka asoslangan ovqatlar va muzlatilgan taomlarni ishlab chiqaradi. Xarid bilan “Mars” “Pringles”, “Cheez-It” va “Pop-Tarts” kabi brendlarni olishi mumkin.


Avvalroq “Spot” “Google” $23 mlrdga kiberxavfsizlik startapini sotib olishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, agar kelishuv amalga oshsa, bu kompaniya tarixidagi eng yirik xarid bo‘ladi.