Magistraturaga qabul bo‘yicha rad etilgan arizalarni tahrirlash imkoniyati yaratildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

2024/2025-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bo‘yicha onlayn ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning arizalari ko‘rib chiqildi.

Arizalarni ko‘rib chiqishda ko‘plab murojaatlar turli sabablarga ko‘ra rad etilgan. Masalan, tanlangan mutaxassislik bitiruvchining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mos emasligi, talab qilingan hujjatning yuklanmaganligi yoki sifatsizligi bo‘lishi mumkin.

1−30-iyul kunlari magistr.edu.uz tizimidan magistraturaga o‘qishga kirish uchun ariza yuborgan va kamchiliklari sabab arizasi rad etilgan talabgorlarga 6−8-avgust kunlari arizalarni qayta tahrirlash imkoniyati yaratildi.

Ushbu muddatdan so‘ng tahrirlashga yo‘l qo‘yilmaydi va kamchiliklar bartaraf etilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikati talab darajasida bo‘lmaganligi sababli rad etilgan arizalarni tahrirlash tavsiya etilmaydi, mazkur holda qayta tahrirlangan arizalar esa ko‘rib chiqilmaydi.

1-iyuldan davlat OTMlari magistratura mutaxassisliklariga qabul boshlanib, arizalar 30-iyulgacha qabul qilindi. Undan keyin magistratura bo‘yicha turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Bu yil mamlakat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga o‘qishga qabul qilish parametri bo‘yicha jami 17 500ta kvota belgilandi. Shundan 9 365tasi davlat granti, 8 135tasi esa to‘lov-shartnoma asosida taqsimlandi.