Avvalroq Toshkent shahrining olti tumanida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Partiyalar poytaxt hokimligini renovatsiya to‘g‘risidagi qonun va bosh reja yo‘qligi sabab, loyihalarni to‘xtatishga chaqirdi.

Toshkent shahar hokimligi jamoatchilik e’tiborini tortgan va muhokamaga sabab bo‘lgan mazkur masala bo‘yicha qisqacha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquqlarini ta’minlaydigan, SHNQ me’yorlari va aholining manfaatlarini aks ettiruvchi mexanizmni joriy etish to‘g‘risidagi qaror aholi murojaatlari, binolar holati hamda boshqa obyektiv sabablar asosida qabul qilingan.

Renovatsiya loyihasi uy-joy fondini yangilash, avariya holatidagi uy-joylarning ommaviy paydo bo‘lishining oldini olish, hududlarni yaxlit (alohida ko‘p qavatli uylar kesimida emas) rivojlantirish orqali fuqarolarning turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.

Bunda binolarning avariyaviylik darajasi va xavfsizlik talablariga muvofiqligi, iqtisodiy va energetik samaradorligi, eskirgan ko‘rinishi va hududning umumiy me’moriy rivojlanishiga mos kelmasligi hisobga olinadi.

O‘zbekiston shaharsozlik me’yorlari va qoidalari yangi talablarga javob beradigan mehnat, yashash va dam olish joylarining qulayligini ta’minlashga doir talablarni belgilaydi.

Renovatsiya ishlari faqat vakolatli tashkilotlar tomonidan avariya holati tasdiqlangan obyektlarda va faqat aholining roziligi bilan amalga oshiriladi. Muhimi, madaniy yoki me’moriy meros obyektlarida renovatsiya amalga oshirilmaydi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, hokimlik Toshkentda qurilgan uylarning foydalanish muddati 50 yilga mo‘ljallanganini, aksariyat hollarda kapital ta’mirlash imkoniyati yo‘qligini, foydalanish muddati tugayotganini ham qayd etdi.

Renovatsiyani talab qiladigan uylarning aksariyati o‘z umrini yashab bo‘lgan yoki yaqin yillarda shaharsozlik me’yorlari bo‘yicha yashashga yaroqsiz bo‘lib qoladi. Binolarning texnik holati bilan bog‘liq xavf, mamlakat va umuman mintaqaning seysmikligiga ta’sir qiluvchi barqaror iqlim o‘zgarishi tufayli jiddiy tashvish uyg‘otadi.

“Vaziyatni xolisona baholasak, ushbu uylarni hozirgi holatida foydalanishda qoldirish muqarrar ravishda poytaxtda avariyaviy uy-joylarining ommaviy paydo bo‘lishiga olib keladi”, — deydi hokimligik.

OAVda tilga olingan hududlar mahalliy aholi murojaatlari asosida taklif etilib, reja tuzilgan. Murojaatlarda keltirilgan uy-joylarning dastlabki tahlili shaharsozlik me’yorlari talablariga javob bermasligini tasdiqlagan.

Poytaxt hokimligi loyihani amalga oshirish mexanizmi taqdim etilishini ma’lum qildi, “Chunki u juda soddalashtirilgan va biz uni keyingi xabarlarimizda batafsil tushuntirishga harakat qilamiz”, deyiladi xabarda.

Vaziyat va masalaga qiziqayotgan fuqarolar ma’lumotni “Toshkent Invest kompaniyasi” veb-sayti va 71 210 01 63 telefon raqami orqali olishlari mumkin.

Poytaxt hokimi qarori bilan oltita tumandagi umumiy maydoni 171,4 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi. Jarayon 2023-yilda tashkil etilgan “Toshkent invest” kompaniyasiga topshirildi.

Tumanlar bo‘yicha renovatsiya uchun ajratilgan maydonlar:

Renovatsiya

Fevral oyi oxirida hokim Shavkat Umurzoqov Toshkent shahrida 500 gektar hudud rekonstruksiya qilinayotgani, bu yerda uzoq muddatga mo‘ljallangan ikki qavatli uylar va Sergelida vaqtinchalik uylar joylashganini ma’lum qilgandi.

Aprel oyida prezidentning ipoteka kreditlash to‘g‘risidagi qarori bilan Adliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralarga xorijiy tajribani o‘rganib, hukumatga renovatsiya to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini iyulgacha kiritish topshirildi.

Shayxontohur tumani, Olim Xo‘jayev mahallasida boshlangan renovatsiya loyihasi misolida har bir hududda bittadan renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bunda hududlarda renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan massivlar tanlanib, manzilli dastur tasdiqlanadi.

Iyul oyida “Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgandi.