“Hududiy elektr tarmoqlari” tomonidan yangi “HET BILLING” dasturiy kompleksi to‘liq ishga tushirildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Endilikda iste’molchilar elektr uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirish hamda shaxsiy hisob raqamdagi mavjud ma’lumotlarni kuzatib borishlari mumkin.
Yangilangan tizimda iste’mol qilgan elektr energiyasi hisobi, xususan, to‘lovlar, kunlik elektr energiya iste’moli kabi ma’lumotlarni onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi.
Tizim dastlab, 1-avgustdan butun mamlakat hududlari bo‘ylab ishga tushirilishi kerak edi. Korxona matbuot xizmatining qayd etishicha, uni joriy etish bir qancha texnik jarayonlarni o‘z ichiga olgani sabab, bosqichma-bosqich ishga tushirish ishlari olib borilgan va kutilganidan ortiq vaqt talab etgan.
Korxona iste’molchilariga yetkazib beriladigan elektr energiyasi hisobi 2012-yilda joriy qilingan billing to‘lov tizimi asosida yuritilardi. 2022-yilning oxirida yangi tizim bo‘yicha texnik shartlar ishlab chiqildi. Shu tariqa, tizim sinov tarzida Yakkasaroy tumanida joriy etildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev yangi tizimda abonentning kadastr ma’lumotlari, bitta odam nomida nechta hisob raqami borligi kabi ma’lumotlar ham mavjud bo‘lishini qayd etgandi.
2023-yilning sentabrida qabul qilingan prezident qarori bilan elektr energiyasi ulgurji va chakana bozorlari mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
Hujjat bilan, “Hududiy elektr tarmoqlari"ga 2024-yil oxirigacha yangi billing tizimini joriy etish topshirildi. Joriy yilning fevral oyida korxona mazkur tizimni takomillashtirish maqsadida yagona billing tizimi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
Yil boshida davlat rahbari elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq to‘lovlari bo‘yicha yagona billing hisob-raqamni joriy qilish kerakligini bildirgandi.