Joriy yilning 6-avgust kuni avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida o‘tkazilgan onlayn-auksionda jami 4,02 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, sotilgan avtoraqamlar soni 847tani tashkil etib, tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 4,8 mln so‘m bo‘lgan. Shu bilan birga, eng arzon avtoraqam 1,7 mln so‘mga sotilgan.
O‘z navbatida, eng qimmat sotilgan avtoraqam qiymati 403,9 mln so‘mni tashkil etdi.
Bundan oldin, 2-avgust kuni sotilgan eng qimmat avtoraqam qiymati 315,2 mln so‘m bo‘lgan. Shu bilan birga, shu kuni 1 030ta avtomobil raqami sotilgan.
Birinchi yarim yillikda avtoraqamlar savdosi uch barobarga oshib, 426,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Eng qimmat “chiroyli” avtoraqamni Toshkent shahridan yuridik shaxs 517,14 mln so‘mga sotib olgan. Shuningdek, 10-iyul kuni sotilgan “chiroyli” avtoraqam qiymati ham 500 mln so‘mdan oshgan.
2023-yilda tovar-xom ashyo birjasida 396,1 mlrd so‘mga 87 ming dona avtomobil raqamlari sotildi. Eng qimmat “chiroyli” avtoraqamni yuridik shaxs 450 mln so‘mga sotib oldi, bu 2021-yilda o‘rnatilgan rekorddan biroz yuqori ko‘rsatkichdir.