6-avgust kuni “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.
Mazkur bitim 2023-yilning 9-noyabrida Toshkentda o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti doirasida imzolangan.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari mazkur xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin belgilangan tartibda uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
Shuningdek, prezident “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi" erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarorni ham imzoladi.
Mazkur erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilib, markaz faoliyatini “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi" unitar korxonasi boshqaradi.
Hududda sanoat korxonalari ishlab chiqarish jarayoniga jalb etiladi. Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali sanoat kooperatsiyasi kengaytiriladi.
Markaz hududida faqat O‘zbekiston va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ishlab chiqarish sertifikati nazorati ostida sotiladi.
Qozog‘iston va u orqali keluvchi chet el fuqarolari markazga maxsus nazorat o‘tkazish punkti orqali vizasiz, shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan kirishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, bu yerda 15 kungacha bo‘lish va kirgan nazorat punkti orqali chiqish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.
Sanoat kooperatsiyasi markazining tashkil etilishi
O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan imzolangan bitim bilan markaz vazifalari sifatida quyidagilar belgilangan:
- davlatlararo hamkorlik aloqalari va xalqaro qiymat zanjirlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- chegara hududlari ishlab chiqarish bazasidan foydalanish samaradorligini oshirish;
- markazdagi ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, modernizatsiya qilish va sanoat korxonalarini raqobatbardoshligini oshirish.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida sanoat hamkorligini kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish vazifalarini bajaradi.
“Markaziy Osiyo” transchegaraviy sanoat kooperatsiyasi markazi loyihasi 2021-yilning dekabrida e’lon qilingandi. Biroz vaqt o‘tgach, Qozog‘iston Savdo vazirligi uning asosiy maqsadi qo‘shma sanoat tashabbuslarini amalga oshirish ekanligini qayd etdi.
Joriy yilning yanvarida ikki mamlakat bu markazni tashkil etish va foydalanishga topshirishni tezlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rishga kelishdi. Fevralga kelib, markaz qurilishi avgustdan boshlanishi ma’lum bo‘ldi.
Markaz Turkiston va Sirdaryo tumanlarida qariyb 100 gektar maydonda tashkil etilib, 2030-yilgacha majmua to‘liq ishga tushiriladi. Unda yopiq majmua qurilib, ishlab chiqarish va ulgurji savdo uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Markazda ishlab chiqarilgan mahsulotlar har ikki davlat bozorlari hamda uchinchi mamlakatlarga ham eksport qilinadi. Natijada, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi $10 mlrdga yetishi kutilmoqda.
Avvalroq Qozog‘iston Rossiyadan O‘zbekistonga gaz tranzitini oshirish uchun gaz quvurlarini yangilashi haqida xabar berilgandi.