7-avgust kuni prezident tomonidan “Probatsiya to‘g‘risida"gi qonun imzolandi.
Probatsiya — muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash tarzidagi jazolarning ijro etilishini ta’minlashga, mahkumlarga ijtimoiy-huquqiy va tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishga, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularga barham berishga, sabablari va unga imkon beruvchi shart-sharoitlarni aniqlashga, bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasi probatsiyani amalga oshirish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi. Ichki ishlar vazirligi esa Jamoat xavfsizligi departamentining probatsiya xizmati probatsiyani amalga oshirish sohasidagi vakolatli hisoblanadi.
Probatsiya nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi subyektlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
- mehnat organlari;
- davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari;
- Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari;
- ta’lim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ta’lim tashkilotlari;
- Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari.
Shaxsni probatsiya hisobiga qo‘yish uchun sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi yoki qarori, amnistiya akti yoxud afv etishga asos bo‘ladi. Ular yashash joyidagi probatsiya bo‘linmasining xodimi tomonidan axborot tizimiga ma’lumotlarni kiritish orqali probatsiya hisobiga qo‘yiladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) tuman (shahar) probatsiya bo‘linmasi boshlig‘ining qarori asosida qo‘llaniladi.
Bunda ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash tartibi talablarini bajarmayotganligi haqida rasmiy ogohlantirilgan yoki ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash davrida jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilganlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvori belgilangan mezonlar asosida har 3 oyda baholanadi va ularning ijtimoiy-psixologik qiyofalarida aks ettiriladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Avvalroq o‘zboshimcha egallangan yerlarni qonuniylashtirishga ruxsat berilgani ma’lum qilingandi. Hujjat bilan fuqarolar ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga ijara va mulk huquqi asosida qonuniy o‘tkazib olishlari mumkin. Buning uchun ulardan bir martalik to‘lov undiriladi.