Qozog‘istonda amaliy tashrif bilan bo‘lgan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplanishiga ishontirdi. Bu haqda amaldor 6-avgust kuni “Report” Ozarbayjon axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Joriy yil oxiriga qadar biz qayta tiklanadigan energiyaning umumiy quvvatini 4 GVtga, 2030-yilga kelib esa 20 GVtdan ortiqqa yetkazamiz [Elektr energiyasini eksport qilish hajmi] kabelning kuchi va hamkorlarning xohishiga bog‘liq bo‘ladi. Biz katta hajmda yetkazib berishga tayyormiz. [Yakuniy energiya] O‘zbekiston — Qozog‘iston — Ozarbayjon — Gruziya yo‘nalishi bo‘yicha Yevropaga va Qora dengiz tubi bo‘ylab Ruminiya va Vengriyaga boradi. Biz 2GVtdan 5 GVtgacha energiya berishga tayyormiz. Biz hozir [O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talabni] to‘liq qoplayapmiz”, — dedi u.
6-avgust kuni Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari energetika vazirlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qozog‘iston Energetika vazirligi rahbari Almasadam Satkaliev mintaqa davlatlari energiya ta’minoti barqarorligining global buzilishi va neft va gaz narxining o‘zgarishiga duch kelayotganini ta’kidladi.
Qozog‘iston tomoni energiya resurslari savdosi imkoniyatlarini kengaytirish va kam uglerodli sektorni rivojlantirish, uglerod neytralligiga erishish va energiyaga bosqichma-bosqich o‘tishni taklif qildi.
“Shu nuqtai nazardan, men [Markaziy Osiyo] mintaqasi davlatlari bilan, xususan, gaz sanoatida shu kabi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qilaman”, — dedi Almasadam Satkaliev.
Shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim loyihasini kelishib oldilar.
Shuningdek, Italiyaning “CESI” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqiladigan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha texnik topshiriqlarni tasdiqladilar.
Bundan tashqari, mamlakatlar Yevropaga yashil energiya eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxona yaratishga kelishib oldilar, uning vakolatxonasi Bokuda joylashgan.
O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Energetika vazirliklari vakillari “yashil” elektr energiyasini mamlakatlar hududlari orqali uchinchi davlatlar — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari iste’molchilariga o‘tkazish loyihasini muhokama qilgandi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab chuqur dengiz kabelini yotqizishni rejalashtirmoqda. Tomonlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “yashil” energiya sotish bo‘yicha biznes modelini ishlab chiqadi.
Avvalroq “Spot” 26-iyul kuni O‘zbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilangani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, shu kuni yozgi maksimal sutkalik elektr energiyasi iste’moli 253,3 mln kVt•soatni tashkil etdi.