Prezident tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi qonun imzolandi.
Hujjat bilan, fuqarolar quyidagi ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga (ijara va mulk huquqi asosida) qonuniy o‘tkazib olishi mumkin:
- 2018-yil 1-may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
- 2018-yil 1-may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
- “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
- 2021-yil 8-iyungacha (hokimlarning vakolati bekor qilingunigacha) tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer;
- bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
- kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
- davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
- hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.
Ko‘chmas mulkni qonuniylashtirish uchun ular quyidagi talablarga javob berishi lozim:
- yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi;
- yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi;
- yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi;
- muhofaza zonasida, sug‘oriladigan yerda joylashmaganligi;
- bosh reja talablariga zid emasligi (mavjud bo‘lsa);
- har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilganligi, shirkat a’zosi hisoblanishi va boshqalar).
Yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi 1998-yilning 1-iyuligacha egallangan bo‘lsa — 0,24 gektargacha hajmda, 1998-yilning 1-iyulidan 2018-yilning 1-mayigacha egallangan bo‘lsa — Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmagan hajmda beriladi.
Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.
Huquqlarni e’tirof etish hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, buning uchun Kadastr agentligi har yili reja-jadval tasdiqlashi kerak.
Unga asosan:
- Kadastr agentligi Avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratib, unga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi;
- 10ta vakolatli organ (hokimlik, qurilish, ekologiya, soliq, “O‘zbekkosmos” agentligi va boshqalar) har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga kiritadi;
- tizimda shakllantirilgan elektron yig‘majild mahalla binolarida, Kadastr agentligi saytida hamda boshqa manbalarda e’lon qilinadi.
To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi adliya organlari tomonidan o‘rganib chiqiladi. Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan xabarnoma yuboriladi.
Xabarnoma asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi. Ya’ni, yerga nisbatan ijara huquqi, bino-inshootga nisbatan esa mulk huquqi beriladi.
Bir martalik to‘lov miqdorlari hududlarga qarab quyidagicha:
- Toshkent shahrida — BHMning 5 baravari (1,7 mln so‘m);
- Nukus shahri va viloyat markazlarida — BHMning 3 baravari (1,02 mln so‘m);
- viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda — BHMning 2 baravari (680 ming so‘m);
- boshqa aholi punktlarida — BHMning 1 baravari (340 ming so‘m).
Bunda, qolgan hollarda bir martalik to‘lov tegishli hududdagi o‘rtacha auksion bahosi miqdorida to‘lanadi.
Shuningdek, I va II guruh nogironlari, oldingi “aksiya” vaqtida yig‘im to‘lagan shaxslar to‘lovdan ozod qilinadi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilganlarga 50% chegirma beriladi.
Qonun 3 oydan so‘ng kuchga kiradi hamda 2028-yilgacha amal qiladi. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, hozirda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan 3,6 mlndan ortiq yer uchastkalari mavjud.