Avvalroq majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosini tartibga solishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, marketpleyslar uchun markirovka qoidalari buzilganda, javobgarlik choralarini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish belgilanmoqda.
Buning uchun joriy yilning oktabr oyigacha amaldagi holat tahlil qilinib, xalqaro tajriba o‘rganiladi. Bu bo‘yicha takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Birjalar va elektron savdo maydonchalarida majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan tovarlarni taklif qiluvchi tadbirkorlarning “Asl belgisi” tizimida ro‘yxatga olinganligi va ularda tovar qoldig‘i mavjudligi yuzasidan nazorat o‘rnatiladi.
Kelasi yilgacha ularni tekshirish imkoniyati yaratiladi. Tovar qoldiqlari to‘grisidagi ma’lumot avtomatik ravishda soliq organlariga taqdim etib boriladi.
Bojxona deklaratsiyasida mahsulotlarning (tovar va xizmatlarning) identifikatsiya kodi (MXIK) to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi. Import qilinadigan tovarlarni markirovkalash sharti bilan erkin muomalaga chiqarishga ruxsat beriladi.
Markirovkalanadigan mahsulotlar sotuvga chiqarilganda, markirovkani o‘qish qurilmalaridan foydalanilgandan so‘ng xarid chekini chop etish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Markirovkalash qoidalariga rioya qilinganligini elektron hisobvaraq fakturalarda hamda onlayn NKMning to‘lov cheklarida avtomatik tekshirish mezonlari ishlab chiqiladi.
Tadbirkorlarni barqarorlik reytingi bo‘yicha baholashda markirovkalash talablarining bajarilishini inobatga olish belgilanmoqda. Markirovkalash talablari uchun ball berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.