Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mikromoliyalashtirish sohasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda nobank kredit tashkilotlarining qo‘shimcha moliyaviy resurslar, jumladan omonatlarga pul mablag‘larini jalb etish imkoniyatlari cheklanganligi mazkur tashkilotlar tomonidan keng doiradagi iste’molchilarga xizmatlar ko‘rsatishni cheklayotgani ta’kidlandi.
Yetarli salohiyatga ega mikromoliya tashkilotlarining bank kabi faoliyat olib borishi uchun tashkiliy-huquqiy asoslar mavjud emas. Xususan banklar va mikromoliya tashkilotlari ustav kapitaliga o‘rnatilgan minimal talablar o‘rtasidagi farq kattaligi ularning rivojlanishi, yiriklashib bank funksiyalarini bajarish darajasiga chiqishiga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.
Majlisda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi bilan bank xizmatlarini ruxsat etilgan shartlar asosida ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lgan yuridik shaxs — mikromoliya banklari institutini joriy qilish taklif etilmoqda.
Bunda mikromoliya tashkilotlarini mikromoliya banklariga aylanishi va o‘z navbatida mikromoliya banklarini tijorat banklari darajasiga ko‘tarilishining huquqiy asosi yaratiladi.
Mazkur bank ustav kapitalining eng kam miqdori 50 mlrd so‘mni tashkil etadi. Mikromoliya banki faoliyati joylardagi moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirishga qaratiladi.
Shuningdek, uning faoliyatida quyidagilar inobatga olinishi kerak:
- jismoniy shaxslar omonatlarini kafolatlangan omonat miqdorida jalb qiladi;
- kreditlarni 5 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorlarda ajratadi;
- kredit portfelida tadbirkorlik faoliyatiga ajratilgan kreditlarning ulushi 70%ni tashkil etadi.
Bunda tadbirkorlikka ajratilgan kreditlar ulushining mazkur miqdorda belgilanishi mikromoliya tashkilotlari va banklar tomonidan yetarlicha qamrab olinmagan kichik biznesni moliyalashtirishni kengaytirish uchun belgilanmoqda.
“Mikromoliya banklarining mikromoliya tashkilotidan eng asosiy farqi — bu omonatlarni jalb qilish, tijorat banklaridan farqi esa ko‘rsatilgan xizmatlar chegarasi bilan belgilanadi”, — deya qayd etdi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev.
Qonun loyihasida mikromoliya tashkilotlarini mikromoliya banklariga, mikromoliya banklarni esa tijorat banklariga, shuningdek, aksincha transformatsiya qilish tartibi belgilangan. Qayd etilishicha, mikromoliya tashkilotlarining 6tasi mikromoliya bankiga aylanish imkoniyatiga ega.
Avvalroq mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishga oid nizom tasdiqlangandi. Buning uchun ular maxsus kengash tuzishi va alohida buxgalteriya hisobini yuritishi kerak.