“Spot” o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida mikroqarzlar va mikrokreditlar berish hajmi yarim barobarga oshdi.
Yanvar-iyun oylarida fuqarolarga 18,81 trln so‘mlik mikroqarzlar ajratildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 44,74%ga ko‘pdir.
Eng yuqori oylik ko‘rsatkichlar aprel-may oylariga to‘g‘ri keldi, mazkur davrda 3,5 trln so‘m taqdim qilingan.
Mikrokreditlar hajmi 58,42%ga — 5,03 trln so‘mdan 7,98 trln so‘mga o‘sdi. Aholiga eng ko‘p mikrokreditlar iyun oyida (1,85 trln so‘m) berildi.
Mikrokreditlar hajmining eng sezilarli o‘sishi yanvar oyida kuzatildi, bu vaqtda emissiya hajmi qariyb 13 baravar — 549,5 mlrd so‘mgacha oshgan.
Yanvar oyida Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov mikromoliya bozorida ko‘pik paydo bo‘lishi uchun hech qanday shart-sharoit yo‘qligini ma’lum qilgandi.
2023-yilda chakana kreditlarning umumiy portfeldagi ulushi 26%dan 33%gacha oshdi, chakana kreditlashning ayrim segmentlarida qizib ketish kuzatildi.
Fevral oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev mikrokreditning maksimal miqdorini ikki barobarga — 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshirishni tasdiqlagan edi.
Prezident joriy yil oxirigacha 50ta mikromoliya tashkilotini tashkil etish va ularga 1 trln so‘m miqdorida moliyaviy mablag‘lar ajratish to‘g‘risida topshiriq berdi.
Iyul oyida Markaziy bank mikromoliya tashkilotlarining islomiy moliya sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.
Mikromoliya tashkilotlari islomiy moliya bilan shug‘ullanishlari mumkin, ammo buning uchun ular maxsus kengash tuzib, alohida hisobot yuritishi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, 5-avgust kuni tartibga soluvchi organ tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga mikromoliyaviy banklar to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi.
Moliyaviy institutlar mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari o‘rtasidagi “oraliq bo‘g‘in"ga aylanishi kutilmoqda.
Avvalroq “Spot” joriy yilning birinchi yarmida iste’mol va avtokreditlar hajmi ikki barobarga kamaygani haqida yozgandi.