Rossiyada migrantlar uchun shaxsiy daromad solig‘ini 30%gacha oshirish taklif qilinmoqda.
Tegishli qonun loyihasi Leonid Slutskiy boshchiligidagi LDPR fraksiyasi tomonidan tayyorlangan va 5-avgust kuni tasdiqlash uchun hukumatga yuborilgan, deya yozmoqda “Kommersant” nashri.
Soliq kodeksining 224-moddasi 3-bandiga binoan, Rossiyaning soliq rezidentlari bo‘lmagan jismoniy shaxslarning daromadlari 30% miqdorida soliqqa tortiladi. Biroq, bu standart mamlakatda patent asosida ishlayotgan xorijliklarning daromadlarini o‘z ichiga olmaydi.
Ular uchun shaxsiy daromad solig‘i stavkasi Rossiya fuqarolariga nisbatan teng bo‘lib qoladi va 13% ni tashkil qiladi.
“Izvestiya” gazetasi keltirgan qonun loyihasida qayd etilganidek, 2022-yilda Rossiyada 2 mln 164 mingdan ortiq kishi ishlash uchun ruxsatnoma olgan.
Shundan 2 mln 35 ming kishi mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun patentga ega bo‘lgan. 2023-yilda ham xuddi shunday ko‘rsatkich qayd etilgan.
Fraksiya rahbari Leonid Slutskiy Rossiya aholisi uchun mavjud soliq shartlarini adolatsiz deb atadi.
Uning ta’kidlashicha, migrantlar ko‘proq soliq to‘lashlari kerak, chunki ular topgan pulning asosiy qismi xorijdagi oilalariga yuboriladi.
“Bunday o‘zgarishlar budjet daromadlarini oshiradi, ya’ni ular fuqarolarimiz ehtiyojlariga: shahar va qishloqlarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, oilalar, pensionerlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarga yo‘naltiriladi. Pul muhojirlar uchun emas, balki mamlakatimiz uchun ishlashi kerak”, — deb yozdi Leonid Slutskiy “Telegram"dagi kanalida.
Janob Slutskiy, shuningdek, patent tizimining samaradorligi masalasini alohida o‘rganishga va’da berdi, chunki Rossiyaga tashrif buyuruvchilar emas, balki o‘z fuqarolari uchun ish kerak.
2-avgust kuni Federatsiya Kengashining Konstitutsiyaviy qonunchilik qo‘mitasi migratsiya nazorati bilan bog‘liq tuzatishlar to‘plamini qo‘llab-quvvatladi va yalpi majlisda tasdiqlash uchun tavsiya qildi.
O‘zgartirishlar politsiyaga bir qator qonunbuzarliklar uchun sud qarorisiz xorijliklarni Rossiyadan chiqarib yuborishga ruxsat berish, shuningdek, Rossiya hududida noqonuniy bo‘lgan xorijiy fuqarolarga nisbatan chiqarib yuborishning yangi migratsiya rejimini joriy etishni taklif qildi.
Avvalroq “Spot” Rossiyada noqonuniy migrantlarni chiqarib yuborish bo‘yicha yangi tartib joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Davlat dumasi mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolarni chiqarib yuborishning yangi tartibi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.
“Yangi tartib hujjatlari muddati o‘tgan yoki bekor qilingan yokida huquqbuzarlik sodir etgan migrantlarga nisbatan tatbiq etiladi”, — dedi Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin.
Migrantlarni chiqarib yuborish haydash va deportatsiya bilan parallel ravishda amalga oshiriladi. Yangi rejimni qo‘llash tartibi Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Chet elliklarni chiqarib yuborish nazorat qilinadigan shaxslarning maxsus reyestriga kiritiladi. Ulardan Ichki ishlar vazirligiga qayerdaligi va Rossiyadan chiqib ketishiga to‘sqinlik qilayotgan holatlar to‘g‘risida ma’lumot berish talab etiladi.