25-iyuldan navbatdan tashqari kasbiy sertifikatlash sinovlarida qatnashish uchun arizalar qabuli boshlangandi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajor-o‘qituvchilar hamda tegishli toifaga ega bo‘lmagan pedagog kadrlar kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etiladi.
Arizalarni Yagona portal orqali onlayn hamda davlat xizmatlari markazlariga borib topshirish mumkin. Murojaatlar joriy yilning 10-avgust (shu kuni ham)gacha qabul qilinadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining qayd etishicha, joriy yilning mart-iyun oylarida o‘tkazilgan kasbiy sertifikatlash sinovlarida yetarli ball to‘play olmagan (56dan kam) hamda sinovlardan o‘ta olmagan stajor-o‘qituvchilar ham hujjat topshirishlari mumkin.
Kasbiy sertifikat olish uchun nazorat sinovi test shaklida o‘tkaziladi hamda 56 va undan yuqori ball to‘plagan talabgor sinovdan o‘tgan hisoblanadi.
Mart-iyun oylarida o‘tkazilgan kasbiy sertifikatlash sinovlarida muvaffaqiyatli o‘tgan 4 896 nafar stajor-o‘qituvchilarning sertifikatlari ularning shaxsiy kabinetlariga yuborilgan.
Fevral oyida hukumat qarori bilan pedagog kadrlarni kasbiy sertifikatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Mart oyida Yagona portalda bu bo‘yicha xizmat ishga tushdi.
Onlayn ariza jo‘natish pullik bo‘lib, 306 ming so‘mni tashkil etadi. Sinovda birinchi marta ishtirok etuvchilarga esa bepul taqdim etiladi.
Arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin. Xizmatdan foydalanishda hech qanday hujjat talab etilmaydi.
2023-yilning mayida prezidentning tegishli qarori bilan maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash joriy etilishi belgilangandi.
Stajor-o‘qituvchilarga kasbiy sertifikat olgunigacha oliy ma’lumotli (toifasiz) o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi qo‘llaniladi.
Hukumat qarori bilan 2024-yil 1-yanvardan boshlab pedagoglarga malaka toifalari berishning yangi tartibi belgilandi. Pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish ikki bosqichda amalga oshirilib, umumiy 100 ballik tizimda baholanadi.