Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni temir yo‘l sohasida olib borilayotgan ishlar va kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan yilning oktabrida qabul qilingan prezident qarori bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari"ni transformatsiya qilishga ko‘maklashish uchun xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilindi.
Jamiyat tarkibida infratuzilma, vagon xizmati, yo‘lovchilarni tashish kabilar bilan shug‘ullanuvchi 6ta mustaqil korxona ish boshladi. Samarasiz va bir-birini takrorlovchi vazifalar birlashtirilib, ortiqchalari qisqartirildi.
Poyezdlar tarkibiga 1040ta yangi yuk va 45ta yo‘lovchi vagoni qo‘shildi. Ichki yo‘nalishda yuk tashish muddati 2 barobarga qisqardi. “Keles” stansiyasida qo‘shimcha 2ta elektrlashgan yo‘lni qurish orqali Toshkent atrofida poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30%ga oshdi.
Ilgari yillar davomida zararga ishlab kelgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” bu islohotlar natijasida foyda ko‘rishga o‘tgani qayd etildi.
Keyingi vaqtlarda yo‘lovchi vagonlarining ahvoli, sovutish tizimidagi muammolar bo‘yicha ko‘p e’tirozlar bo‘lmoqda. Xususan, 143ta vagon ta’mirtalab, 59ta lokomotiv xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan.
Shuning uchun yangi yo‘lovchi vagonlar ishlab chiqarishga Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan $50 mln ajratilmoqda. Xitoylik hamkorlar bilan 38ta lokomotiv olib kelish va 12ta elektrovozni modernizatsiya qilish bo‘yicha $181 mlnlik kelishuvga erishilgan.
Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvda Toshkentdan Nukusga tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishini aytgandi. Buning uchun Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan 6ta elektropoyezd olib kelinadi.
Yil oxirigacha 465 kilometrlik “Buxoro-Urganch-Xiva” temir yo‘lini elektrlashtirish rejalashtirilgan. Kelgusi yillarda 196 kilometrlik “Miskin-Nukus” tarmog‘i elektrlashtiriladi. Bu esa qatnov vaqtini 16 soatdan 7 soatgacha qisqartiradi.
Taqdimotda “O‘zbekiston temir yo‘llari"ga qarashli nosohaviy aktivlarni xususiylashtirish, sohada xizmatlar sifati va eksportini oshirish masalalari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Nukusdan Mangistauga yangi poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlar joriy yilning 22-avgustidan amalga oshiriladi.