O‘zbekistonda 2020-yildan boshlab ipoteka kreditlarini subsidiyalash dasturi amalga oshirilib kelinadi. Subsidiya uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismi budjetdan qoplanishini nazarda tutadi.
Joriy yilda mamlakat bo‘yicha jami 27 mingta subsidiya ajratilishi belgilangan. Shundan 20 mingtasi yangi uy-joy sotib olish, 7 mingtasi esa uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga yo‘naltiriladi. Hujjatlar 15-maydan 1-noyabrgacha qabul qilinadi.
Subsidiya oluvchilarga boshlang‘ich to‘lovni qoplash uchun 30 mln so‘m ajratiladi. Kreditlarning 12%dan oshgan qismiga foiz to‘lovlari 5 yil davomida qoplab beriladi. 2025-yildan esa Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori foizlarning bir qismi subsidiyalanadi.
Joriy yilda aholini ipoteka kreditlari ajratish hisobiga uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida 100 ming xonadonli, quruvchilarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha kafolat va kompensatsiyalar asosida ko‘p qavatli uylar qurish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 1-iyundan boshlab “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka kreditlari ajratiladi. Bunday kreditlar miqdori 120 mln so‘mgacha bo‘ladi.
“Spot” ipoteka subsidiyasi dasturi qanday ishlashi, uning afzalliklari va kamchiliklari hamda uni yaxshilash uchun nima qilish kerakligi borasida Realting.uz ko‘chmas mulk axborot portali rahbari Andrey Sodiqov, “Alliance Estate” ko‘chmas mulk agentligi direktori Farrux Kuziyev, “Red” agentligi rahbari Batir Aburahmanov va “Etaji Tashkent” hammuassisi Vadim Soy bilan suhbatlashdi.
Uy-joy subsidiyasini qanday olish mumkin?
Uy-joy subsidiyasini olish uchun Yagona portal yoki Davlat xizmatlari markazi orqali ariza topshirish kerak. Ariza 19 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Agar tasdiqlansa, Moliya vazirligi to‘rt oy davomida amal qiladigan sertifikat (xabarnoma) beradi. Undan o‘z vaqtida foydalana olmaganlar esa subsidiya olish uchun qayta ariza topshirishlari mumkin.
Mavzuga oid: Ipoteka krediti uchun subsidiya olishga arizalarni qanday jo‘natish mumkin? Qo‘llanma
Joriy yilda subsidiyalar olish uchun arizalar 15-maydan qabul qilina boshlandi. Birinchi kunning o‘zidayoq soat 18:00gacha 64 mingdan ortiq fuqaro ariza topshirgan. 15-maydan 21-may kunigacha — bir hafta ichida esa jami 150 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan.
Dasturning foydali jihatlari
Ipoteka subsidiyasi dasturi bir qator aniq afzalliklarga ega. “Etaji” hammuassisi Vadim Soyning so‘zlariga ko‘ra, dasturning ishga tushirilishini tarixiy voqea deb atash mumkin, chunki “bu O‘zbekistonda ipoteka kreditlash tizimi mavjud bo‘lgan butun tarixda aholi olishi mumkin bo‘lgan eng arzon mablag‘dir”.
Dastur kredit mablag‘larini bozordagiga nisbatan pastroq stavkada olish imkonini beradi. Bundan tashqari, dastur ishtirokchilari davlat mablag‘lari hisobidan dastlabki to‘lov va foizlarning bir qismini to‘lash shaklida bepul yordam oladi.
“Ushbu dastur doirasida daromadi kam bo‘lgan aholi minimal ortiqcha to‘lov bilan uy sotib olish uchun kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mol-mulk kapitallashuvini hisobga olganda esa, qayta sotgan taqdirda, qarz oluvchilar hatto farqdan daromad olishlari mumkin, — deydi “Etaji” hammuassisi.
“Red” agentligi rahbari Batir Abdurahmanov so‘zlariga ko‘ra, dastur birinchi navbatda oylik ipoteka to‘lovlarini amalga oshirish uchun yetarli daromadga ega, lekin boshlang‘ich to‘lovni mustaqil ravishda to‘liq qoplash qiyin bo‘lgan fuqarolarga qaratilgan.
Subsidiya dasturining asosiy kamchiliklari
Hukumatning sa’y-harakatlariga qaramay, O‘zbekistonda ipoteka kreditlarini subsidiyalash dasturida qator jiddiy kamchiliklar mavjud.
Cheklangan taklif asosiy to‘siqlardan biridir. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, davlat tomonidan subsidiyalangan ipoteka shartlariga mos keladigan kvartiralar deyarli yo‘q, ayniqsa poytaxtda.
“Ipoteka olishning asosiy shartlaridan biri kadastr pasportining mavjudligidir. Ya’ni, yangi binoda kvartirani faqat u foydalanishga topshirilgandan keyingina olish mumkin. Sotishning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, ko‘chmas mulk qiymatining dinamik o‘sishi bilan birga, mulk topshirilgunga qadar, faqat “likvid bo‘lmagan” deb ataladigan kvartiralar, ya’ni katta maydonga ega (100+ kv.m) kvartiralar qoladi, ularning “likvidli"gi esa kichik va o‘rta maydonlar bo‘lgani uchun qurilishning dastlabki bosqichlarida sotiladi”, — ta’kidladi Soy.
Realting.uz ko‘chmas mulk axborot portali rahbari Andrey Sodiqovning tushuntirishicha, yangi bino uchun kadastr rasmiylashtirilganda va uni foydalanishga topshirish vaqti yaqinlashganda, ipoteka shartlariga mos keladigan kvartiralar qolmaydi. Chunki kvartiralarning 95%i qurilish jarayoning o‘zidayoq muddatli to‘lov bilan sotiladi va turar joyning faqat 5%i qoladi.
“Ta'kidlash joizki, bular maydoni 80 kv.metrga yaqin xonadonlardir. Va ularning narxi ham o‘ziga yarasha. Toshkentda bunday kvartiraning narxi $90 ming atrofida bo‘lishi mumkin, ipotekaning eng ko‘p summasi esa 420 mln so‘m (yoki taxminan $34 ming)ni tashkil etadi. Demak, qarz oluvchi taxminan $60 minglik qolgan qismini o‘zi qoplashi kerak”, — deya ta’kidlaydi Realting.uz rahbari.
Uning qayd etishicha, uni ta’mirlash uchun qo‘shimcha mablag‘ talab etiladi, chunki ular korobka holatida sotiladi.
Shuningdek, mutaxassislar bugungi kunda ishlab chiquvchilar obyektlarni topshirish muammosiga duch kelishayotganini ta’kidlashdi. Kadastrni olish jarayoni cho‘zilib ketadi. Qonunchilik darajasida obyektlarni foydalanishga topshirish muddatini uzaytiruvchi yangi qaror va farmonlar joriy etilmoqda.
Ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmonida qurilish tashkilotlariga kreditlar bo‘yicha kompensatsiya va kafolatlar taqdim etgan holda 100 ming xonadon qurish ko‘zda tutilgan.
“Nima haqida gap ketayotgani hali aniq emas, lekin agar bu chora-tadbirlar qurilish bosqichida kvartiralarni sotib olish uchun davlat tomonidan subsidiyalangan ipoteka kreditlarini ajratish imkoniyatini yaratishga qaratilgan deb hisoblasak, bu ijtimoiy dasturni to‘liq amalga oshirishdagi asosiy to‘siqlarni olib tashlagan bo‘lar edi. Chunki bu yangilik cheklangan taklif va kredit miqdorining yetarli emasligi bilan bog‘liq muammolarga javob bo‘ladi”, — deydi Vadim Soy.
U subsidiyalangan ipoteka kreditlarini rasmiylashtirish va qurilish kompaniyalari tomonidan to‘lovlarni olishning uzoq byurokratik sikllari tufayli dastur bo‘yicha uy-joylarni sotishdan bosh tortishlarini qo‘shimcha qildi.
Subsidiya dasturi bo‘yicha mijoz bilan tuzilgan shartnoma asosida pul quruvchi tomonidan 20−60 kun ichida olinadi. Qurilish kompaniyasi o‘z loyihalarini sotishdan tushgan mablag‘lar bilan moliyalashtiradi, ko‘p muhim jarayonlar bunga bog‘liq, asosiylari o‘z vaqtidagi qurilish va loyihani topshirishdir.
“Shunga ko‘ra, qurilish kompaniyalari to‘lovni kutgan holda kvartiralarni bunday muddatga muzlatib qo‘yishga qodir emaslar, holbuki bu vaqt ichida ular kvartirani boshqa xaridorga sotishlari, pullarni bir necha soat ichida olishlari mumkin. Bundan tashqari, bu muddatda narxlar oshishi mumkin”, — deya qayd etdi ekspert.
Batir Abdurahmanov, shuningdek, nomzodlarning ijtimoiy mezonlarini baholashdagi noxolislikni dasturning kamchiligi deb hisobladi. Uning fikricha, qarorlar ko‘pincha ko‘r-ko‘rona yoki subyektiv ravishda qabul qilinadi.
Dasturni takomillashtirish bo‘yicha takliflar
Mutaxassislarning fikricha, ipoteka subsidiyalash dasturining samaradorligini oshirish uchun quyidagilar zarur:
- Ajratilgan subsidiyalar miqdorini oshirish. Bu uy-joy narxining katta qismini qoplashga yordam beradi, ayniqsa, mulk narxi yuqori bo‘lgan yirik shaharlarda.
- Subsidiyalar olish talablarini soddalashtirish. Ariza beruvchilarni tanlash shartlari va mezonlarini yumshatish dasturni muhtoj oilalar uchun yanada qulayroq qiladi.
- Subsidiyalarni kotlovan bosqichida taqdim etish. Bu obyekt foydalanishga topshirilish vaqtiga kelib tegishli kvartiralarning yetishmasligi muammosidan xalos etadi.
- Subsidiyalash tizimining muntazam auditini o‘tkazish. Texnik va huquqiy tekshiruvlar dasturdagi to‘siqlarni aniqlash va bartaraf etishga yordam beradi.
- Aholi xabardorligini oshirish. Davlat organlari va ariza beruvchilar o‘rtasidagi targ‘ibot-tushuntirish ishlarining kuchaytirilishi va takomillashtirilgan aloqalar noto‘g‘ri ma’lumotlar va ariza berishda xatoliklarning oldini olishga yordam beradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ipoteka subsidiyasi dasturi ko‘chmas mulk bozoriga, ayniqsa budjet uy-joy segmentiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Bu arzon uy-joyga bo‘lgan talabni oshirishga yordam beradi, qurilishni rivojlantirishni rag‘batlantiradi va raqobat muhitini yaratadi. Biroq, “komfort” va undan yuqori uy-joy sinflarida o‘zgarishlar hali unchalik sezilmaydi.
Avvalroq ipoteka kreditiga subsidiyalarni inson omilisiz ajratish tizimini joriy etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi.