Qozog‘istonda O‘zbekiston savdo uyi va biznes markazini ochish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
7-avgust kuni Ostona shahrida Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi doirasida O‘zbekiston-Qozog‘iston ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbirga palata raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov hamda Qozog‘iston tashqi savdo palatasi boshqaruvi raisi Murat Karimsakovlar raislik qildi. Unda ikki mamlakat tarmoq idoralari rahbarlari hamda 70dan ortiq ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Joriy yilning 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 1103ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 323tasi qo‘shma korxona, 790tasi esa to‘liq Qozog‘iston ishtirokidagi kompaniyalar hisoblanadi.
Mazkur korxonalar savdo, transport va logistika, qurilish materiallari va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish sohalarida mehnat qilmoqda.
Delegatsiyalar rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi serqirra hamkorlikning strategik mohiyatini qayd etib, bu borada ishbilarmon doiralarning faol hamkorligi muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda tashqi savdo va ikki mamlakat korxonalari hamda tashkilotlari hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, sanoat, logistika, ayollar tadbirkorligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasiga oid masalalar muhokama qilindi.
Toshkent xalqaro arbitraj markazi va Qozog‘iston milliy tadbirkorlar palatasining “Atameken” arbitraj markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi nizolarni hal qilish uchun huquqiy asosni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yig‘ilish yakunida ikki mamlakat ishtirokida o‘zaro bayon imzolandi. U Qozog‘istonda O‘zbekiston savdo uyi va biznes markazini ochish hamda Toshkentda Qozog‘iston-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasini tashkil etishni nazarda tutadi.
Avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.