Avvalroq Shavkat Mirziyoyev temir yo‘l sohasida olib borilayotgan islohotlar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda 50ta lokomotiv sotib olish va modernizatsiya qilish rejalari haqida ma’lum qilindi. “O‘zbekiston temur yo‘llari” raisi v.b Zufar Narzullayev “O‘zbekiston 24” telekanali bilan suhbatda bu davlat kafolati ostidagi kreditlar jalb qilinmasdan bosqichma-bosqich amalga oshirilishini qayd etdi.
“Bir yilda 50ta [lokomotiv] olib kelinmaydi, bu ehtiyojimizni o‘rganib har yili [sotib olamiz]. Qolgan lokomotivlar eskirishi inobatga olingan holda, 2033-yilgacha olib kelinadi”, — dedi Zufar Narzullayev.
Shuningdek, 70ta yengil vagonni rekonstruksiya qilish uchun $50 mln ajratish rejalashtirilgan. Narzullayevning so‘zlariga ko‘ra, ish kompaniya zavodida olib boriladi — vagonlar 24 metrdan 26 metrgacha uzaytiriladi va yangi standartlarga muvofiq yangilanadi.
Yana $70 mln yuk vagonlarini ishlab chiqarishga sarflanadi. “O‘zbekiston temur yo‘llari"ning rejalariga $30 mlnlik uchta vagon zavodini modernizatsiya qilish kiradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tavsiyasi bilan kompaniyani o‘zgartirish jarayoniga “xalqaro to‘rtlik"ka kiruvchi “PwC” kompaniyasi maslahatchilari jalb qilinganini bildirdi Narzullayev. Kompaniya bilan transformatsiya jarayoni olib borilmoqda.
Joriy yilning birinchi va ikkinchi choragida “O‘zbekiston temur yo‘llari” foyda solig‘ini to‘lab, moliyaviy holatining yaxshi tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Narzullayevning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya yilni foyda bilan yakunlashni kutmoqda.
Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektrpoyezdlarining ertalabki jadvaliga o‘zgartirish kiritishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.