Oqo‘rda qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. 2034-yilgacha strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi tayyorlandi, tashqi siyosat idoralari rahbarlari raisligidagi kengash tashkil etilmoqda.
Yoshlar siyosati va axborot maydonini shakllantirish sohasida hamkorlikni rivojlantirishda kompleks dastur tayyorlashga kelishildi. Ikki mamlakat parlamentlari palatalari ishtirokida Parlamentlararo forum tashkil etilishi qo‘llab-quvvatlandi.
Tovar ayirboshlash hajmini, xususan, o‘zaro bozorlarni shakllantirish va uchinchi mamlakatlardan import o‘rnini bosish hisobiga oshirishga e’tibor qaratildi. Hukumatlarga oy yakunigacha tovar ayirboshlash hajmini $10 mlrdga yetkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish topshirildi.
Biznes-forum doirasida o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvda ikki davlat bosh vazirlari o‘rinbosarlari Serik Jumangarin va Jamshid Xo‘jayev umumiy qiymati $4,4 mlrdlik 34ta investitsiya loyihasi va $2,6 mlrdlik 7ta savdo shartnomasini birgalikda amalga oshirishga kelishishdi.
Ular orasida energetika, transport va logistika, metallurgiya, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalaridagi loyihalar bor.
Xususan, Qozog‘istonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini birgalikda yetishtirish va g‘alla va sholini chuqur qayta ishlash, Turkiston viloyatida ipak mahsulotlari ishlab chiqarish, qadoqlash materiallari ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etish kabilar belgilandi. Mangistau viloyatida qoramol terisini qabul qilish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etiladi.
Sirdaryo viloyatida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurilishini tezlashtirish va u yerda korxonalarni joylashtirishga kelishildi. Yirik loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish masalasi o‘rganiladi.
Tranzit yuk tashish uchun qulay sharoitlarni ta’minlash, qo‘shma logistika majmualarini qurish, ikki mamlakat o‘rtasida avtomobil va temir yo‘l yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Strategik mintaqaviy loyihalarni, shu jumladan Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirishga ustuvor e’tibor qaratildi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladilar. Hududlar forumini ikki Hududlar rahbarlari kengashiga aylantirish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilning kuzida Samarqandda o‘tkazishga kelishib olindi.
Avvalroq Qozog‘istonda O‘zbekiston savdo uyi va biznes markazi ochilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Toshkent xalqaro arbitraj markazi va Qozog‘iston milliy tadbirkorlar palatasining “Atameken” arbitraj markazi bilan hamkorlik qiladi.