Prezident tomonidan 7-avgust kuni “Elektr energetikasi to‘g‘risida"gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.
Hujjat Qonunchilik palatasida uch marta o‘qishdan o‘tgan va iyun-iyul oylarida Senat tomonidan ma’qullangan. Unda elektr energetikasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, shuningdek, raqobatbardosh elektr energiyasi bozorini yaratish chora-tadbirlari belgilab berilgan.
Elektr energetikasi sohasini davlat tomonidan tartibga solishni hukumat, Energetika vazirligi, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi, “O‘zenergoinspeksiya” hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari amalga oshiradi:
Vazirlar Mahkamasi elektr energetikasi sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi. Energetika vazirligi elektr energetikasi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
Quyidagilar elektr energiyasi bozorining ishtirokchilaridir:
- elektr energiyasi bozori operatori;
- ishlab chiqaruvchi;
- elektr energiyasini saqlash tizimi operatori;
- uzatish tizimi operatori;
- markaziy xarid qiluvchi;
- treyder;
- taqsimlash tizimi operatori;
- ta’minotchi;
- iste’molchi.
Tariflar va to‘lovlarni belgilash uslubiyati hamda uning asosida tartibga solinadigan tariflar va to‘lovlar Energetika bozori regulyatori tomonidan belgilanadi.
Bunda tarif va to‘lovlar kuchga kirishidan kamida 15 besh kun oldin e’lon qilinadi. Tarif yoki to‘lovlar orqaga qaytish kuchiga ega bo‘lmaydi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tib, kuchga kiradi.
“Mobil aloqada xizmat ko‘rsatadigan kompaniyani tanlaganingizdek energiya sotadigan kompaniyani ham tanlash huquqingiz bo‘ladi. Energiya ishlab chiqaruvchi va sotuvchi kompaniyalar orasida raqobat bo‘ladi. Amaldagi qonunda bu taqiqlangan edi”, — degandi Alisher Qodirov.
2023-yilning sentabrda energetika sohasini isloh qilishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi. 2026-yilga borib, elektr energiyasi talab va taklif asosida shakllanadigan erkin, ulgurji bozor ishga tushadi.
Mamlakatda yagona elektr savdosi platformasini yaratish va 2024-yil yakunigacha uni sinovdan o‘tkazib, ishga tushirish belgilangan.
Joriy yilning may oyida Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tashkil etildi. Agentlik vazifalariga raqobatbardosh elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich tashkil qilishni ta’minlash kiradi.
Avvalroq prezident tomonidan “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi qonun imzolangani haqida xabar berilgandi.