Toshkent aeroportida uchib ketayotgan yo‘lovchilar uchun kutish hududi kengaytirildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, uchish zalining “steril” hududi 2 ming kv.metrga kengaytirilib, yangi maydon kutish zalining chap tomonida, “Art bazar” savdo nuqtalaridan keyin ochildi.
Loyihaga ko‘ra, ushbu zalda o‘rindiqlar bilan jihozlangan keng kutish hududi hamda “fud-kort” tashkil etish ko‘zda tutilgan.
E-auksion.uz platformasida o‘tkazilgan savdolar natijasida ikkita kompaniya bilan shartnomalar tuzildi. Ulardan biri aeroportda “The Border by Teriyaki” restoranini, ikkinchisi o‘z hududida to‘rtta brend — “Hardee's”, “Pizza Hut”, “La Croissanterie”, “Pinkberry"larni birlashtiradi.
Restoranlar qurilishi tez orada boshlanishi aytilmoqda. Hozircha “fud-kort” uchun mo‘ljallangan joylar brendlar logotiplari tushirilgan bannerlar ortida yashiringan.
Yangi zalda “Caffelito” tarmog‘ining qahva burchagi joylashgan hamda unda yo‘lovchilar uchun issiq va sovuq ichimliklar, shirinliklar va pishiriqlar mavjud.
Qo‘shimcha zalning qurilishi umumiy jo‘nash zalini B5-B6-B7 chiqish yo‘laklari bilan ulash imkonini berdi. Bundan tashqari, kelajakda kelayotgan va ketayotgan yo‘lovchilar oqimini ajratib turuvchi alohida galereya va pastki zaldan bortga chiqish yo‘laklarini ochish mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Urganch xalqaro aeroporti DXSh asosida modernizatsiya qilinishi haqida xabar berilgandi. “Uzbekistan Airports” bu bo‘yicha tender e’lon qildi.