Joriy yilgi test sinovlarida 160 nafarga yaqin abituriyent imtihonlardan chetlashtirildi. Bu haqda 8-avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bilimni baholash agentligi direktori o‘rinbosari Farhod Mirzayev ma’lum qildi.
2024/2025-o‘quv yili uchun o‘tkazilgan imtihonlarda jami 159 nafar abituriyent tartib-qoidalarni buzganligi sabab, imtihonlardan chetlashtirilgan. Shundan 62 nafari hududga kirish joyida, 97 nafari esa imtihon jarayonida tartibni buzgan.
Ro‘yxatga olishda arizalari qabul qilingan 805 688 nafar abituriyentning 740 352 nafari imtihonlarda ishtirok etdi. 65 336 nafari turli sabablarga ko‘ra test sinovlariga qatnashmagan.
418 ming nafardan ortig‘i yoki 56,%i 56,7dan yuqori ball to‘plab, tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. 2023-yilda bu 53,3% bo‘lgan.
Abituriyentlarning 210 nafari 189 va undan yuqori ball to‘plagan. Shu bilan birga, 91 nafari bu baldan yuqori to‘plagan bo‘lib, bu “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi bitiruvchilari hisoblanadi. Eng yuqori 217,4 ball to‘plagan, asosiy fanlari tarix va chet tili bo‘lgan abituriyentlar ham mazkur akademik litsey bitiruvchilari ekanligi qayd etilgan.
Shuningdek, 189 va undan yuqori ball to‘plagan 210 nafar abituriyentning 77 nafarida asosiy fanlar tarix va chet tili, 43 nafarida biologiya va kimyo, 40 nafarida ona tili va adabiyot hamda ingliz tili, shuningdek, 21 nafarida davlat huquq asoslari va chet tili bo‘lgan abituriyentlar hisoblanadi.
Test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlarning 43 677 nafari chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlardir. Bu 2023-yilda 25 661 nafarni tashkil etgan holda, qariyb ikki barobarga oshgan. Ularning 76 nafari maksimal ball to‘plagan.
Umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar 13 142 nafarni (2023-yilda 3 255 nafar) tashkil etib, ulardan 118 nafari maksimal ball olgan.
“Ham umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga, ham chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar soni 4 259 nafarni (2023-yilda 355 nafar) tashkil etdi. Shundan 74 nafari maksimal ball to‘plagan”, — dedi Farhod Mirzayev.
2024/2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 5-iyun kuni boshlanib, 25-iyun kuni yakunlandi. Bunda jami 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 88 591 nafarining arizasi qabul qilinmadi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar 5-iyuldan boshlanib, 19-iyulgacha davom etdi.
Imtihonlar 14-iyuldan boshlanib, 26-iyulgacha davom etdi. Joriy o‘quv yilida davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida o‘tkazildi.
27-iyuldan 10-avgustgacha OTM va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash jarayoni davom etadi. Abituriyent test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos 5tagacha OTM va ta’lim yo‘nalishini tanlaydi.