“Apple” ba’zi sun’iy intellekt xususiyatlari uchun $20 gacha to‘lov joriy qilishi mumkin, deya xabar bermoqda “CNBC” nashri.

“CNBC” tahlilchilariga ko‘ra, kompaniya o‘zining daromadli xizmatlar sektorini mustahkamlashga intilayotgani sababli, to‘lov joriy qilishi mumkin.

Texnologiya korporatsiyasi shu yil oxirida o‘zining yangi sun’iy intellekt platformasi bo‘lgan “Apple Intelligence"ni ba’zi qurilmalarda taqdim etish niyatida.

Iyun oyida e’lon qilingan ushbu sun’iy intellekt platformasi “Siri"ni takomillashtirish va avtomatik elektron pochta xabarlarini yozish va rasm yaratish kabi xususiyatlarni taqdim etish uchun mo‘ljallangan.

Ushbu xususiyatlarning mavjudligi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, Xitoy va Yevropa kabi mintaqalarda ular dastlab mavjud bo‘lmaydi.

Tahlilchilarning taxminiga ko‘ra, “Apple” yanada murakkab funksiyalar uchun abonent to‘lovlarini joriy qilishi mumkin.

“Counterpoint Research” ta’kidlashicha, sun’iy intellektni rivojlantirish qimmatga tushadi va “Apple” bu xarajatlarni o‘z mijozlariga topshirishi mumkin.

“Dasturiy ta’minot va xizmatlarga e’tibor kompaniyaga ushbu xarajatlarni „Apple One“ obuna modeliga kiritish imkonini beradi”, dedi tahlilchilar “CNBC” telekanaliga.

Oyiga $19,95 turadigan “Apple One” abonentlarga “Apple Music” kabi turli xil “Apple” xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.

Tahlilchilarning taxminiga ko‘ra, kompaniya “Apple Intelligence"ga kirish uchun $10dan $20gacha qo‘shimcha to‘lov joriy qilishi mumkin, ehtimol “Apple One"ning premium sun’iy intellekt xususiyatlari to‘plamiga qo‘shimcha sifatida.


Avvalroq “Spot” “Apple” Yevropa Ittifoqi foydalanuvchilariga “Apple Intelligence"dan foydalanishga ruxsat bermasligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, ular Yevropa Ittifoqida kuchga kirgan Raqamlar bozorlar to‘g‘risidagi qonun sabab yangi sun’iy intellekt funksiyalaridan foydalana olmaydi.