8-avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin xorijiy banklarga mamlakatda filiallar ochishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Bu haqda “vc.ru” nashri xabar berdi.

Qonun 1-sentabrdan kuchga kiradi. Shu kundan boshlab, xorijiy kredit tashkilotlari 2013-yildan beri birinchi marta Rossiya bozorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Bundan oldin ularga faqat vakolatxonalar ochish yoki sho‘ba banklarni tashkil etish huquqi berilgan edi.

Chet el banki Rossiyada faqat bitta filial ochishi mumkin. Buning uchun u o‘z mamlakatida kamida 3 yil davomida bank ruxsatnomasiga ega bo‘lishi, shuningdek, Rossiya banki tomonidan belgilangan darajadan past bo‘lmagan kredit reytingiga ega bo‘lishi kerak.

Chet el banklarining filiallari hisob ochmasdan pul o‘tkazmalari, shuningdek valyuta almashinuvi qilishi mumkin, biroq jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan operatsiyalarni amalga oshira olmaydi.

Shu bilan birga, ularga yuridik shaxslar uchun hisobvaraqlar ochish, pul o‘tkazmalari, pul mablag‘larini inkasso qilish, veksellar, to‘lov va hisob-kitob hujjatlarini o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berilgan.

Shuningdek, filial orqali xorijiy bank qimmatli qog‘ozlar bozorida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi.

Filial xodimlarining kamida yarmi Rossiya fuqarolari bo‘lishi kerak. Rossiya Bankiga filiallarni boshqarish mavzusidagi yig‘ilishlarda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan o‘z vakilini tayinlash huquqi beriladi.

Chet el banklariga Rossiyada filiallar ochishga ruxsat beruvchi qonun loyihasi iyul oyida Davlat Dumasiga kiritilgan edi.

Tushuntirish xatida uning qabul qilinishi xalqaro to‘lovlar tizimini rivojlantirishga va Rossiya iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga hissa qo‘shishi qayd etilgan.


Avvalroq “Spot” Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi banklar rossiyalik kontragentlarga to‘lovlarni tez-tez kechiktira boshlagani haqida yozgandi.