7-avgust kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” yangi “HET BILLING” dasturiy kompleksi to‘liq ishga tushirilganini ma’lum qilgandi.
Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda iste’molchilar tomonidan tizim ishlamayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ayrimlari esa, tizim ishlashini bildirgan.
Korxona matbuot xizmati tizimdan foydalanishda balans ma’lumotlarida xatoliklar kuzatilayotganini tasdiqladi.
Qayd etilishicha, bu yangi dasturiy kompleks dasturi va boshqa to‘lov tizimlari o‘rtasida ma’lumotlarni yangilash ishlari olib borilayotgani bilan bog‘liq.
Shu sababli balans ma’lumotlarini “Hududiy elektr tarmoqlari"ning “Shaxsiy kabineti” orqali kuzatish tavsiya etilmoqda.
To‘lov tizimlari bilan olib borilayotgan texnik yangilanishlar “tez fursatlarda” o‘z yakuniga yetishini qayd etgan korxona matbuot xizmati.
O‘z navbatida, Energetika vazirligi matbuot xizmati ayrim iste’molchilarda qarzdorlik bo‘lmasada tizimda qarzdorlik ko‘rinishini ta’kidladi.
Bunday holatda iste’molchilar tarmoqdan ajratilmaydi hamda texnik ishlar yakunlangandan keyin muammo bartaraf etiladi.
Tizim dastlab, 1-avgustdan butun mamlakat hududlari bo‘ylab ishga tushirilishi kerak edi. Biroq bu bir qancha texnik jarayonlarni o‘z ichiga olgani sabab, bosqichma-bosqich ishga tushirish ishlari olib borilgan va kutilganidan ortiq vaqt talab etgan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev yangi tizimda abonentning kadastr ma’lumotlari, bitta odam nomida nechta hisob raqami borligi kabi ma’lumotlar ham mavjud bo‘lishini qayd etgandi.