Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etgani haqida xabar berilgandi.
Unda prezident global jarayonlarning Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishiga ta’siridan kelib chiqib, mintaqada hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Birinchi yo‘nalish. Uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning yangi drayverlari va modeli zarurligi ta’kidlandi.
“Mamlakatlarimiz tabiiy savdo sheriklari bo‘lib, milliy iqtisodiyotlarimiz bir-birini to‘ldiradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mamlakatlar umumiy tovar aylanmasida mintaqaviy savdoning ulushi kichik. Mintaqada to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirishda to‘siqlar saqlanib qolmoqda. Tahlillar birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish yaqin besh yilda o‘zaro savdo hajmini ikki barobarga oshirish imkonini berishini ko‘rsatdi.
Bunga tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish va reglamentlarni unifikatsiya qilish, bojxona operatsiyalari va fitosanitariya tartibini raqamlashtirish, davlat xaridlaridan foydalanishni o‘zaro yengillashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish kiradi.
Davlat rahbari bu masalalarning barchasini ko‘rib chiqish uchun Iqtisodiy kengash — Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida uchrashuvlarni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
O‘zbekiston kelasi yili bu uchrashuvning birinchisini qabul qilishga, Hududlar forumi va tarmoq konferensiyalari, sanoat salohiyati ko‘rgazma-yarmarkasi, eksport imkoniyatlari taqdimotlarini tashkil etib, Markaziy Osiyo biznes hamkorligi haftaligini o‘tkazishga tayyor ekanligi qayd etildi.
Ikkinchi yo‘nalish. Sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish kerakligi aytildi. Chegaraoldi hamkorlikka doir maxsus hududlar, avtomobillar, maishiy elektronika, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari kabilar mavjud.
“Biz kuchlarimizni birlashtirib, qisqa qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, yetakchi xalqaro kompaniyalardan investitsiya va texnologiyalarni jalb qilish, kooperatsiyaning yangi shakllarini joriy etish orqali mintaqani sanoatlashtirishning yagona xaritasini shakllantirishga erisha olamiz”, — dedi davlat rahbari.
Vazirlar darajasida Kengash ta’sis etish va dasturiy hujjat tayyorlash taklif etildi. Markaziy Osiyo investitsiya kengashi, Innovatsion rivojlanish bankini ta’sis etish, qo‘shma investitsiya forumlarini o‘tkazib borish masalalari istiqbolli ekani ta’kidlandi.
Uchinchi yo‘nalish. Mintaqaviy transport-kommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Mintaqada tashqi savdo yuklarini tashish xarajatlarining ulushi tovarlar yakuniy qiymatining 50%igacha yetayotgani, bu esa jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan to‘rt-besh barobar yuqori ekaniga e’tibor qaratildi.
Bu kelishilgan tarif siyosatini shakllantirish va o‘tkazish, milliy tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llash, transport tarmog‘i va infratuzilmasini modernizatsiya qilish, chegara punktlarining o‘tkazish qobiliyatini oshirish, transport sohasini raqamlashtirish masalalari tizimli yondashuvni talab qiladi.
To‘rtinchi yo‘nalish. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni muvofiqlashtirib borish zarurligi ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish va suvni tejashning innovatsion texnologiyalarini joriy etish, hosildorlikni oshirish, chuqur qayta ishlashni rivojlantirish, seleksiya sohasidagi ilmiy ishlarni kuchaytirish, klaster va “aqlli” fermer xo‘jaliklarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Sohadagi Mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish maqsadida joriy yil sentabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro forum doirasida mintaqa qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvini o‘tkazish taklif etildi.
Beshinchi yo‘nalish. Global iqlim o‘zgarishi oqibatlari mamlakatlarning har birida sezilmoqda. Harorat ko‘tarilishi, muzliklar erishi, toshqinlar, qurg‘oqchiliklar, chang bo‘ronlari va boshqa ko‘plab tabiat hodisalari jiddiy talafotlar yetkazishda davom etmoqda.
Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish bo‘yicha kompleks dastur va Transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish va qabul qilish taklif etildi.
Oltinchi yo‘nalish. Energetika sohasidagi hamkorlik mintaqa mamlakatlari hamkorligining asosiy yo‘nalishi sifatida qayd etildi.
Mintaqaviy miqyosda elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish va uni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish bo‘yicha strategik loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, atom energetikasini rivojlantirish, uglevodorodlar yetkazib berishni ko‘paytirish rejalari ham bor.
Shuningdek, prezident Parlamentlararo forumni kelgusi oyda Xiva shahrida o‘tkazishni taklif qildi. “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasi ishga tushiriladi.
Mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirishning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan ilmiy forum o‘tkazish taklif etildi. Innovatsion g‘oyalar va loyihalar mintaqaviy tanlovining muntazam o‘tkazilishi “Markaziy Osiyo yoshlari kun tartibi — 2030"ni ilgari surish va yosh avlodni hamkorlik dasturlariga jalb etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi. Markaziy Osiyo ta’lim va akademik almashuv dasturini qabul qilish va yetakchi oliy o‘quv yurtlarining diplomlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, iqtidorli talabalar o‘qishi uchun o‘zaro kelishuvlar asosida stipendiyalar ajratish muhimligi qayd etildi.
Mintaqaviy sheriklikning yangi drayveri sifatida turizm sohasi belgilandi. Turizm almashinuvini kengaytirish maqsadida milliy ID-kartalarni o‘zaro tan olish masalasini o‘rganish va “bitta tur — butun mintaqa” tamoyili asosida ommaviy turizm mahsulotlarini ishlab chiqish taklif etildi.
Prezident Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning 2040-yilgacha mo‘ljallangan konsepsiyasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimni tayyorlashni taklif qildi.
Avvalroq prezident O‘zbekiston va Qozog‘iston qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etishni taklif qilgandi.