Amerikada o‘tkaziladigan “Future Leaders Exchange Program” (FLEX) almashinuv dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Dastur AQSh Davlat departamenti Ta’lim va madaniyat ishlari byurosi tomonidan moliyalashtiriladi hamda O‘zbekistonda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashi tomonidan olib boriladi. Shu bilan birga, AQSh elchixonasi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Unda maktablarining yuqori 9−10-sinf, litsey yoki kollejning 1-kurs o‘quvchilari ishtirok etishlari mumkin.

Ishtirokchilar AQSh o‘rta maktabida bepul o‘qish va Amerikadagi mezbon oilada bir yil davomida yashash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Nomzodlar quyidagi asosiy talablarga javob berishlari kerak:

  • O‘zbekiston fuqarosi va xalqaro pasport olish imkoniyatiga ega bo‘lish;
  • 2008-yilning 15-iyulidan 2010-yilning 15-iyulgacha bo‘lgan oraliqda tug‘ilgan bo‘lish;
  • yaxshi va a’lo baholarga o‘qish;
  • ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lish va ro‘yxatdan o‘tish vaqtida ingliz tili bo‘yicha bilimini namoyish qilish;
  • AQSh vizasini olish talablariga javob berish.

“FLEX” dasturi uchta sinov bosqichini o‘z ichiga oladi. Xususan, birinchi bosqichda nomzodlardan onlayn ariza qabul qilinadi. Bu bosqichda onlayn ariza shakli to‘ldirilib, uchta insho savoliga javob beriladi.

Ikkinchi bosqichda nomzodlar ariza asosida saralab olinadi hamda ingliz tilidan onlayn test topshiriladi. Uchinchi — yarim final bosqichi noyabr oyida o‘tkaziladi. Bu bosqichga o‘tganlardan intervyu olinadi, yana 3ta insho yoziladi, to‘liq ariza jo‘natilib, ingliz tili bo‘yicha test o‘tkaziladi.

O‘quvchilar faqat bir marta ariza berishlari mumkin. Imkoniyati cheklangan o‘quvchilar ham tanlovlarda ishtirok etish imkoniyatiga egalar.

Dastur tanlov g‘oliblarining AQShdagi barcha xarajatlarini, shuningdek, borish-kelish chiptasi, viza va oziq-ovqat xarajatlarini ham qoplab beradi.

O‘zbekistonlik nomzodlar arizalarni joriy yilning 26-sentabrigacha havola orqali jo‘natishlari mumkin.

Batafsil ma’lumotlarni havola orqali olish mumkin.

Murojaatlar Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashining flex.uz@americancouncils.org elektron manzili yoki +998 78 150 71 50 telefon raqami orqali qabul qilinadi.

Foydali havolalar:


Avvalroq Jahon bankining “MUNIS” loyihasi “Innovative Capability Program” (ICP) dasturi doirasida kichik va o‘rta biznes vakillaridan grantlar uchun arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.