“Georgian Airlines” aviakompaniyasi Navoiyga parvozlarni amalga oshira boshladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 8-avgust kuni Gruziyaning “Georgian Airlines” aviakompaniyasi Xaykou-Navoiy-Tbilisi yo‘nalishi bo‘yicha birinchi charter yuk reysini amalga oshirdi.

Gruziya samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 16:43da Navoiy aeroportiga qo‘ndi hamda yuk tashuvchi samolyot suv arkasi bilan kutib olindi.

Xitoydan Gruziyaga uchuvchi reyslar haftasiga ikki marta Boeing 767−300 yuk tashuvchi samolyotlarida Navoiyda texnik to‘xtash bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Hafta boshida Fransiyaning “CMA CGM Air Cargo” aviatashuvchisi O‘zbekiston orqali Xitoyga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi. Kompaniyaning yuk samolyotlari Parij-Chjenchjou yo‘nalishida haftasiga besh marta Navoiyda texnik to‘xtashlar bilan parvoz qiladi.

Kompaniya haqida

Georgian Airlines (1993−2004 yiillarda Airzena) Gruziyaning xususiy aviatashuvchisi hisoblanadi. Kompaniya shtab-kvartirasi Tbilisida joylashgan bo‘lib, Armaniston, Avstriya, Germaniya, Isroil, Italiya, Niderlandiya, Rossiya va Kiprga yo‘lovchi reyslarini amalga oshiradi.