Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda hamkorlikni kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida mintaqada birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
Mintaqa mamlakatlarining o‘zaro savdo, investitsiyalar, yuk tashish hajmi, fuqarolarning tashriflari bir necha barobar oshdi. Xorijiy davlatlarning mintaqaga qiziqishi sezilarli darajada oshdi.
Davlat rahbari hamkasblarining mintaqaviy o‘zaro hamkorlik mexanizmlari va institutlarini ishga tushirish, jumladan, milliy koordinatorlar, tarmoq vazirliklari va idoralari vakillari uchrashuvlari bo‘yicha takliflarini qo‘llab-quvvatladi.
Mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish va uzoq muddatli sheriklik kun tartibini boyitish masalalari yuzasidan konseptual tavsiya va takliflar ishlab chiqish uchun Markaziy Osiyo ekspert forumining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif etildi.
Dunyodagi hozirgi vaziyatga to‘xtalib, O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyo o‘zining geosiyosiy joylashuvi tufayli global ishonch inqirozi va mojarolar keskinlashuvining barcha salbiy oqibatlarini boshidan kechirayotganini qayd etdi.
“An'anaviy savdo-transport zanjirlari buzildi. Biz sanksiyalar siyosatining asiriga aylandik, logistika xarajatlari sezilarli darajada oshdi, inflyatsiya bosimi kuchaymoqda. Jahon kapital bozorida imkoniyatlar qisqarmoqda, proteksionizm kuchayib, yangi-yangi to‘siqlar paydo bo‘lmoqda”, — dedi prezident.
Bundan tashqari, Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi bilan bog‘liq masalalar xalqaro kun tartibida ikkinchi darajaga tushib qoldi. Strategik hujjat — Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
Avvalroq Olmaotada Toshkent IQXMMI, Chirchiqda esa Auezov University filiallari ochildi. Sian-Xorg‘os-Olmaota-Sariyog‘och-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yuk poyezdi harakati yo‘lga qo‘yilgandi.