“TBC Bank Uzbekistan"ning kredit portfeli 30-iyun holatiga 5 trln so‘mni (o‘sha paytdagi Markaziy bank kursi bo‘yicha $397 mln) tashkil qildi. Bu haqda bankning yarim yillik hisobotida ma’lum qilingan.

Yil davomida bank tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 117%ga oshdi. Hozirgi vaqtda u mikrokreditlar va naqd pul kreditlari bo‘yicha mahalliy bozorning qariyb 16%ini egallaydi (o‘tgan yilgi 13,9%ga nisbatan).

Depozitlar hajmi 2024-yil 30-iyun holatiga ko‘ra 3,2 trln so‘mgacha oshdi (bir yil oldingi 2 trln so‘mga nisbatan 61% ga o‘sish), bu O‘zbekistondagi bunday omonatlar umumiy hajmining 3%ini tashkil etadi. “TBC Bank Group” jismoniy shaxslar depozitlari portfelining 8%i “TBC Uzbekistan"ga to‘g‘ri keldi.

Iyun oyi oxirida “TBC Uzbekistan” ilovasida 15,7 mln foydalanuvchi (yoki olti oy avvalgidan 2,5 mln ko‘proq) o‘tgan. Shu bilan birga, oylik faol mijozlar soni 4,7 mln kishini tashkil etadi.

Joriy yilning ikkinchi choragida bank sof foydasi 110 mlrd so‘mga (2023-yilning ikkinchi choragiga nisbatan 101%ga o‘sish) va birinchi yarmida esa 196 mlrd so‘mga yetdi (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 81% o‘sish).

2024-yilning birinchi yarmida “TBC Bank Group” sof foydasining 7%i “TBC Uzbekistan"ga to‘g‘ri keldi.

Kapital rentabelligi (ROE) mos ravishda 2024-yilning ikkinchi choragida 28% va 2024-yilning birinchi yarmida 26%ni tashkil etdi.

“Bizda deyarli 16 mln ro‘yxatdan o‘tgan unikal foydalanuvchilar va 5 mlnga yaqin oylik faol foydalanuvchilar bor va biz allaqachon Markaziy Osiyodagi eng yirik raqamli moliyaviy ekotizimlardan birimiz. Biz biznesimizning transformatsion o‘sish bosqichidamiz va mijozlarimiz uchun yangi mahsulot va xizmatlarni joriy etish uchun astoydil harakat qilmoqdamiz”, — dedi “TBC Uzbekistan” bosh direktori Nika Kurdiani.


Avvalroq “Spot” “TBC Bank Uzbekistan” $38 mlndan ortiq kapital sarmoya jalb qilgani haqida yozgandi.

Qo‘shimcha kapital hisobidan bank yangi mahsulotlar yaratib, mikro va kichik biznes uchun sarmoya kiritadi. Shuningdek, sun‘iy intellekt yechimlarini joriy etadi.