O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha yuborilgan arizalarning texnik kamchiliklarini bartaraf etish imkoni berildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2024/2025-o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha my.uzbmb.uz orqali ro‘yxatdan o‘tishda kamchilikka yo‘l qo‘ygan fuqarolar arizalarini qayta ko‘rib chiqishlari va mavjud texnik kamchiliklarni bartaraf etishlari mumkin.
Jarayon 9-avgust kuni soat 23:59gacha davom etadi hamda to‘lovlarni amalga oshirish 10-avgust kuni soat 13:00da to‘xtatiladi.
Ro‘yxatdan o‘tgan barcha talabgorlardan my.uzbmb.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlarini kuzatib borishlari so‘raladi.
Bunda faqat ilova qilib yuklangan u yoki bu hujjatlarni sifatlisiga almashtirish, xatoliklarni tuzatish hamda to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Biroq yangi arizalar topshirish imkoniyati yo‘q.
OTMlarda o‘qishni ko‘chirish jarayonlari 15-iyuldan boshlanib, arizalar my.uzbmb.uz sayti orqali 5-avgustga qadar qabul qilindi.
Undan keyin tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida o‘tish ballari tasdiqlandi.
Xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirish bilan birga, O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalariaro o‘qishni ko‘chirish imkoniyati yaratildi. Bunda arizalar transfer.edu.uz sayti orqali qabul qilindi.
Avvalroq magistraturaga qabul bo‘yicha rad etilgan arizalarni tahrirlash imkoni berilgandi.