Avvalroq prezident tomonidan “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi qonun imzolangani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan energiya tejash sohasidagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralari belgilangan. Ular “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlari asosida qo‘llaniladi.
Moliyaviy jarimalarni undurish sud orqali amalga oshiriladi, bundan korxona aybiga iqror bo‘lgan va jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lagan hollar mustasno.
Jarimalar miqdori foiz sifatida belgilanadi. Xususan, neft va gaz sohasi uchun uning miqdori quyidagicha:
- sifat talablariga javob bermaydigan neft, gaz kondensati, neft mahsulotlari, suyultirilgan gazni sotish — qoidabuzarliklar bilan sotilgan tovarlar qiymatining 50%i.
- neft mahsulotlarini nazorat-o‘lchov vositalaridan asboblarida orqali sertifikatlashtirishdan o‘tkazmasdan yetkazib berish, ularning ishlashiga aralashish — oxirgi tekshiruvdan o‘tkazilgan kundan boshlab sotilgan tovar qiymatining 50%i;
- me’yordan ortiq tabiiy gaz yetkazib berishda texnologik yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yish — ortiqcha yo‘qotilgan gazning 50%i;
- gazdan ruxsatsiz foydalanish uchun qurilmalarda sinov-sozlash ishlari — hisoblangan hajmining 10%i va gaz tarmog‘idan uzish.
Elektr energetikasi uchun:
- standartlarga javob bermaydigan elektr energiyasini yetkazib berish — uning qiymatining 1%;
- elektr yoritgichlarni me’yoridan ortiq, ishlab chiqarish zaruriyatisiz foydalanish, kunning yorug‘ davrida maqsadsiz yoritish — elektr energiyasi narxining 50%i;
- reaktiv quvvat kompensatsiyasi tartibini buzish — sarflangan energiya qiymatining 50%i.
Issiqlik energiyasi uchun:
- issiqlik ta’minoti tashkilotining issiqlik energiyasining sifat ko‘rsatkichlaridan chetga chiqishi — yetkazib beriladigan energiya qiymatining 1%;
- issiqlik iste’mol qiluvchi asbob-uskunalar va issiqlik tarmoqlarini qoidalarga muvofiq bo‘lmagan holatda ishlatish — issiqlik energiyasi o‘rtacha oylik miqdorining 5%i;
- yirik iste’molchilar tomonidan issiq suv, bug‘ va bug‘ kondensatining asossiz sarflanishi, issiq suvning sirqib to‘kilishi, issiqlik izolyatsiyasisiz quvurlarning ishlashi — issiqlik energiyasini yo‘qotish narxining uch barobari.
Boshqa:
- sertifikatlanmagan energiya uskunalari, tarmoq elementlari, energiya ta’minoti tizimlaridan foydalanish — foydalanilgan yoki uzatilgan energiya qiymatining 10%i;
- yirik iste’molchilar tomonidan belgilangan muddatda majburiy energetika tekshiruvlarini o‘tkazmaslik, belgilangan talablarni bajarmaslik — oylik energiya iste’moli qiymatining 3%i miqdorida.
Agar jarima miqdori oxirgi hisobot kunidagi holatga ko‘ra korxonaning joriy aktivlarining 20%idan oshsa, uni olti oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Birinchi qoidabuzarlik uchun, agar kompaniya uni ixtiyoriy ravishda bartaraf etsa va yetkazilgan zararni qoplagan bo‘lsa, jarima undirilmaydi. Shuningdek, tabiiy ofatlar, avariyalar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etishda huquqbuzarlik sodir etilgan hollarda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi.
Avvalroq prezident tomonidan qabul qilingan “Elektr energetikasi to‘g‘risida"gi qonun bilan tariflar va to‘lovlarni Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi belgilashi ma’lum qilingandi.