Qirg‘izistonning “Tez Jet” aviakompaniyasi Bishkekdan Toshkentga qatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Bishkek-Toshkent-Bishkek yo‘nalishi bo‘yicha birinchi parvoz joriy yilning 3-sentabriga rejalashtirilgan.
Havo qatnovlari haftasiga to‘rt marta — seshanba, chorshanba, juma va shanba kunlari McDonnell Douglas MD-80 (M83) samolyotlarida amalga oshiriladi.
Joriy yilning fevral oyida aviakompaniya ikkita yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekistonga aviaqatnovlarni amalga oshirishga ruxsat oldi.
O‘shanda O‘sh-Toshkent-O‘sh hamda Bishkek-Toshkent-Bishkek yo‘nalishlari bo‘yicha aviaqatnovlar RJ-85 va MD-83 havo kemalarida yo‘lga qo‘yilishi ma’lum bo‘lgandi.
“Tez Jet” aviakompaniyasi 2013-yilda tashkil etilgan. Kompaniya Bishkekdagi “Manas” aeroportida joylashgan va Qirg‘iziston shaharlariga parvozlarni amalga oshiradi.
Avvalroq “Uzbekistan Airways” hamda “Silk Avia” aviakompaniyalari Mustaqillik bayrami munosabati bilan ichki qatnovlarga chegirma e’lon qilgani haqida xabar berilgandi.