Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoroga qilingan tashrif natijalari, muqobil energiya manbalarini joriy etish va sanoat korxonalari uchun jozibador sharoitlarni yaratish choralari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Buxoroda har bir tumanni sanoat tarmoqlariga ixtisoslashtirish zarurligi qayd etildi. Viloyatda qurilayotgan 3ta yirik gaz-kimyo loyihasi, 10ta quyosh va shamol stansiyalariga $1 mlrdlik ehtiyot qismlar kerak bo‘ladi.
Bu ehtiyojni qondirishni o‘ylash o‘rniga, viloyatda bir xil mahsulot ishlab chiqarilib, yangisini yaratish va innovatsiya olib kelish ustida ishlanmayotgani qayd etildi.
Viloyat ehtiyojidan 2 barobar ko‘p — 1,5 mln tonna meva-sabzavot tayyorlanadi. Lekin, atigi 11%i qayta ishlanadi, 30%i tashishda isrof bo‘ladi.
4ta kichik agrologistika markazi quvvati 66 ming tonna mahsulotni qayta ishlashga yetishi ta’kidlandi. Mutasaddilarga bu zaxiralarni hisobga olib har bir tumanni ixtisoslashtirishga qaratilgan dastur tayyorlash topshirildi.
Xitoydan jalb qilingan olimlar bilimidan foydalanib, kelgusi yilda 50% maydonda hosildor paxta va g‘alla yetishtirishga hozirdan tayyorgarlik qilish vazifasi qo‘yildi.
“Yig‘ilishda aytilgan muammolarning sababi ham, yechimi ham professional kadrlar tayyorlash bilan bevosita bog‘liq”, — dedi davlat rahbari.
Kasbga o‘qitish mehnat bozoridagi talab va yoshlar qiziqishini hisobga olmasdan, mavjud o‘qituvchilar doirasida amalga oshirilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Yoshlarning atigi 2%i dual ta’lim shaklida o‘qitiladi, viloyatdagi 30 ming korxonadan 350tasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, xolos. Natijada quvvati 28 ming o‘quvchi bo‘lgan kollej va texnikumlarga qabul 50%ga yetmaydi.
Shundan kelib chiqib, quvvatidan to‘liq foydalanmayotgan o‘quv binolari va xonalari tadbirkorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berilishi belgilandi.
Tadbirkorlar buning uchun yoshlarni kasbga o‘qitib, ishli qilishlari kerak. Mutasaddilarga bu imkoniyatdan foydalanib, bu yil 30ta kollej va texnikumda xususiy o‘quv kurslarini boshlash topshirildi.
Maktab, kollej, texnikum va oliygohlarda yoshlar ishlab chiqarayotgan tovarlarni davlat xaridi platformalarida sotishdagi cheklovni olib tashlash vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda tuman tashkilotlarida samarali faoliyat yo‘lga qo‘yilmagani tuman darajasida ishni yaxshi yuritishga eng katta to‘siq bo‘layotgani qayd etildi: KPI belgilanmagan, raqamlashtirish chala, yangiliklarga o‘qitish yo‘q.
Yirik korxonalarni soliqqa tortish Soliq qo‘mitasi tomonidan yuritilgani bilan ularning ayrim to‘lovlari mahalliy budjetga tushadi. Lekin, yirik korxonalar soliq prognozini bajarmagani uchun mahalliy budjet qo‘shimcha daromadlarsiz qolib ketmoqda.
Shu munosabat Soliq qo‘mitasiga yirik korxonalarning mahalliy budjetga to‘lovlarini hisobga olish tartibini joriy qilish topshirildi.
Barcha vazirlar o‘z tizimida metodologiya, reglament va raqamlashtirishni yil yakunigacha tartibga keltirishi zarurligi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Vazirlar Mahkamasi 1-oktabrgacha har bir vazirlikning tumandagi tashkilotlarida metodologiya, reglament va raqamlashtirish bo‘yicha hisobotini qabul qilib olishi belgilandi.
Avvalroq maktab sinf xonalarini ta’lim jarayonidan bo‘sh vaqtda tekin foydalanish huquqi bilan xususiy o‘quv markazlariga berishga ruxsat etilishi haqida xabar berilgandi.