Prezidentning ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risidagi tegishli farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-sentabridan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 15%ga oshirilishi belgilangan.
Xususan, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 428 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 834 ming so‘m hamda nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori 920 ming so‘mni tashkil etadi.
1-oktabrdan boshlab budjet tashkilotlarida ishlovchi tibbiyot xodimlari, bog‘cha, maktab, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 15%ga oshiriladi.
Shu bilan birga, “Muruvvat” internat uylari, bolalar va mehribonlik uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlovchi pedagog xodimlarning ish haqi miqdori ham 15%ga oshiriladi. Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori esa 10%ga oshiriladi.
Shuningdek, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 155 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori 375 ming so‘m etib belgilanmoqda.
Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar budjeti hamda Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi
Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etiladi.
O‘zbekistonda oxirgi marotaba 2023-yilning 1-dekabridan ish haqi, pensiya va nafaqa miqdorlari oshirilgan. 2024-yilning o‘tgan davrida esa bu amalga oshirilmagandi.
2023-yil davomida ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar jami 14,5%ga oshirilib, bazaviy hisoblash miqdori esa bundan kamroq, ya’ni 13%ni tashkil etdi.
Joriy yilning 1-mayidan pensiyaning eng kam miqdorlari minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga — 648 ming so‘mga yetkazildi.
Endi pensiyalar miqdorlari inflyatsiya darajasining o‘sish sur’atlari asosida oshirib boriladi. Fuqarolarga pensiya tayinlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali murojaat qilish huquqi berildi.