Hozir Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro viloyatiga qilingan tashrif natijadorligini oshirish, muqobil energiya manbalarini joriy etish hamda sanoat korxonalari uchun jozibador sharoitlarni yaratish choralari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqdi.
Unda Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalarining ijrosi tahlil qilinib, bu borada yaxshi natija ko‘rsatayotgan tumanlar ko‘pligi, lekin ayrim tuman hokimlari, iqtisodiy kompleks rahbarlari bu islohotlarni to‘liq tushunib yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Uychi tajribasi asosida mamlakat bo‘yicha 500 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Lekin, 15ta tuman va shahar rejasi 90%ga yetmagan.
Sayxunobod tajribasi asosida har bir mahallada 10tadan mikroloyiha qilish zarur. Bu orqali mamlakatda jami 132 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 242 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Biroq 26ta tumandagi 46ta mahallada nomigagina 1−2ta mikroloyiha qilingani tanqid qilindi.
Bir oy oldin G‘ijduvon tajribasi asosida tuman hokimlariga 1 mingta mahallani o‘zida “tepaga o‘sadigan” (vertikal) sanoat binolari tashkil qilish topshirilgandi. Lekin, birorta tuman hokimi hisob-kitob qilib, nechta loyiha qilishi va qancha ish o‘rni yaratishi bo‘yicha rejasini tasdiqlagani yo‘q.
Zarbdor tajribasi bo‘yicha rahbarlar ijro muddati 1-oktabr, deb xotirjam yurganiga qat’iy e’tiroz bildirildi. Mutasaddilar 4ta tuman tajribasi bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘ygan barcha rahbarlarga chora qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirildi.
Sayxunobod va Uychi tajribalarida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga javobgarlik choralarini ko‘rish, qoloqliklarni bartaraf etish topshirildi.
Zarbdor tajribasi asosida har bir tuman va shaharda kamida 5tadan “drayver” loyihani shakllantirish, G‘ijduvon tajribasi asosida 1 mingta mahallani o‘zida “tepaga o‘sadigan” sanoat binolari loyihalarini tayyorlab, yil yakunigacha ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Tajribalarning har biri bo‘yicha mas’ullarga aniq KPI belgilanib, ijrosi ustidan qat’iy so‘rov o‘rnatilishi belgilandi.
Avvalroq prezident Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari asosida yil yakunigacha 2 mlndan ortiq aholi bandligini ta’minlash rejasini tasdiqlashni topshirgandi.