Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoroga qilingan tashrif natijalari, muqobil energiya manbalarini joriy etish va sanoat korxonalari uchun jozibador sharoitlarni yaratish choralari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda ikki oy oldin tashrifdan keyin viloyatga 1,4 trln so‘m ajratilgani ta’kidlandi. Prezident tomonidan imzolangan qarorlarga muvofiq viloyatga tadbirkorlik uchun qo‘shimcha $60 mln, infratuzilmaga $40 mln ajratiladi.

Viloyat hokimi, uni o‘rinbosarlari, tuman hokimlari shunga munosib ishlab, joylardagi tashkilotlar oldiga aniq vazifa, xodimlariga KPI belgilab, har kuni aniq natijaga ishlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Kelgusida har bitta tarmoq va viloyatdagi haqiqiy ahvol shunday tahlil qilinib, muhokama o‘tkazilishi belgilandi.

Buxoroda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish muhandislik va farmatsevtikada 23%, elektrotexnikada 30% o‘sishni ta’minlashi ta’kidlandi.

Viloyatda 584ta mehmon uylari, 122ta umumiy ovqatlanish, 18,5 mingta savdo, 30ta salomatlik va fitnes markazlari bor. Lekin har ming kishiga oshxona va restoranlar soni Samarqanddan 10 karra kam ekani qayd etildi.

Shofirkon aholisi 200 mingga yaqinlashib, viloyatda uchinchi o‘ringa chiqqan bo‘lsa-da, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha viloyatda eng oxirgi o‘rinda qolmoqda.

Prezident Vobkent, Romitan, Jondor tumanlarida namunali ishlar olib borilayotganini qayd etib, boshqa tumanlarda tashabbuskorlik ko‘rinmayotgani, markaziy ko‘chalar va massivlarga yangi qiyofa olib kirish sustligi bo‘yicha qat’iy e’tiroz bildirdi.

Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadida viloyatdagi 62ta massiv va 54-ta ko‘chani rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlandi. Bu ko‘chalar ovqatlanish, salomatlik, mehmonxona, hunarmandchilik, savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtiriladi.

Ularda 4 ming nafar tadbirkor uchun sharoit yaratiladi va 6 ming aholi bandligi ta’minlanadi. Kamida 5ta xalqaro mehmonxona hamda ovqatlanish tarmoqlarini joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan buyon qurilgan xizmat ko‘rsatish joylarini sotib olish uchun alohida kredit turi yo‘lga qo‘yiladi. Mutasaddilarga “xizmat ipotekasi"ni joriy qilib, kredit ajratishni boshlash topshirildi.

Prezident sanoat zonalarida yer ajratishni yengillashtirish, bunga xizmat ko‘rsatishni ham qo‘shish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Har bir tumandan sanoat va xizmat ko‘rsatishga 20 gektardan yerlarni belgilab, loyihalarni amalga oshirishga ko‘rsatma berildi.