Quyosh paneli o‘rnatganlarga nisbatan yer va mulk solig‘i imtiyozini qo‘llashdagi cheklov olib tashlanadi. Bu haqda 12-avgust kuni prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Buxoroda 900 mln kilovatt elektr va 400 mln kub metr gazni iqtisod qilish imkoni borligi qayd etildi. Bu umumiy iste’molning 20%iga teng. Yirik korxonalarda uskunalarni yangilash va audit o‘tkazish orqali 25%igacha elektr va gazni iqtisod qilish mumkin.
Viloyatda 200 ming ko‘chmas mulk obyektida kamida 3 kilovattli quyosh paneli o‘rnatib, 600 megavatt quvvat yaratish mumkin. Bu elektr iste’molining yana 20%i tejaydi.
Lekin, hozirgacha 2 ming xonadon va 750ta tadbirkor panellar o‘rnatgan bo‘lsa-da, tarmoqqa berilgan elektr uchun bor-yo‘g‘i 292tasiga puli to‘langani tanqid qilindi. Oqibatda panel o‘rnatganlar rag‘bat sezmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga xonadon, mahalla, panel o‘rnatuvchini bir-biriga bog‘lab, aholiga tushuntirish, panel qo‘yganlarga to‘lovlarni o‘z vaqtida tushirish ishlarini tashkil qilib, yil yakunigacha keskin o‘zgarish qilish topshirildi.
Shuningdek, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida qator topshiriqlar berildi. Xususan, iqtisodiy kompleks rahbariyatiga aholi va tadbirkorlarga energiya tejamkor uskunalar hamda quyosh panellarini sotib olish imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.
Soliq qo‘mitasiga quyosh paneli o‘rnatgani uchun yer va mulk solig‘i imtiyozini qo‘llashdagi cheklovni olib tashlash vazifasi qo‘yildi.
Suyultirilgan gazni aholiga xususiy sektorni keng jalb qilgan holda yetkazib berish masalasini o‘rganib, tegishli takliflar kiritishga ko‘rsatma berildi.
Iyun oyida energotejamkor qurilmalarni o‘rnatganlarga tarifga nisbatan chegirma berilishi ma’lum qilingandi. Ularga 3 yil davomida amaldagi tarifga nisbatan 15% chegirma qo‘llaniladi.
Quyosh elektr stansiyasini to‘liq o‘z mablag‘idan qurganlarga esa kompensatsiya beriladi.